Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining navbatdagi hisobotiga ko`ra, o`tgan haftada dunyo bo`yicha qariyb 3 million nafar kishiga koronavirus tashxisi qo`yilgan. Bu 3-9 oktyabr sanalariga nisbatan 6 foiz kam ko`rsatkichdir. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Shuningdek, 8,3 ming nafar bemor xastalik oqibatida hayotdan ko`z yumgan. Ya`ni bu borada pasayish dinamikasi 17 foizni tashkil etdi.
Kasallanganlar sonining sezilarli kamayishi Sharqiy O`rta Er dengizi mintaqasi mamlakatlarida qayd etildi — 17 foiz. Shuningdek, Afrika (-15 foiz), Shimoliy va Janubiy Amerika (-12 foiz) hamda Evropa (-11 foiz) qit`alarida bemorlar soni ozayishi kuzatildi. Biroq G`arbiy Tinch okeani mintaqasi davlatlarida xastalanganlar soni 11 foizga ortdi.
O`z navbatida, o`lim holatlari Sharqiy O`rta Er dengizi mintaqasi (-35 foiz), Shimoliy va Janubiy Amerika (-20 foiz) hamda Evropada (-18 foiz) kamaydi. Afrika qit`asida esa aksincha, COVID-19 qurbonlari 44 foizga ko`paydi.
Koronavirus infeksiyasini eng ko`p yuqtirganlar Germaniyada ro`yxatga olindi — qariyb 584 ming nafar. Keyingi o`rinlarni Fransiya (337 ming), Xitoy (329 ming), Italiya (288 ming) va AQSh (251 ming) band etdi.
O`tgan haftada xastalikdan vafot etganlar soni bo`yicha Qo`shma Shtatlar etakchi — 2,2 ming nafar. Rossiyada 702, Italiyada 478, Xitoyda 431 va Yaponiyada 409 kishi xastalik tufayli hayotdan ko`z yumdi.






