O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning taklifiga binoan 20-21 oktyabr kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo`ladi.
Tashrif dasturiga muvofiq, ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun oliy darajadagi muzokaralar bo`lib o`tadi.
Asosiy e`tibor O`zbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yangi bosqichda yanada mustahkamlash, sanoat, energetika va kimyo tarmoqlarida, qishloq xo`jaligi, transport va logistika sohalarida kooperasiyani kengaytirish, faol madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish masalalariga qaratiladi.
Sammit yakunida hamkorlikning ustuvor yo`nalishlari bo`yicha ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to`plamini qabul qilish ko`zda tutilgan.
Shuningdek, tashrif davomida Ashxobod shahrida “Toshkent” bog`ini ochish va Chegaraoldi savdo markazini qurish bo`yicha loyihani birgalikda boshlab berish rejalashtirilgan.






