Qashqadaryo viloyati sog`liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati ma`lum qilishicha, 14 oktyabr kuni uning odatdagi navbatchilik kunlaridan biri edi. Kechqurun bo`limga 1970 yilda tug`ilgan D.O. ism-sharifli bemorni olib kelishdi. Unga gipertoniya tashxisi qo`yilib, tezkor tibbiy yordamga kirishildi. Soat 21:00 lar atrofida davo muolajalari davom etayotgan paytda jarayonga xalaqit berayotgan bemorning 25 yoshlar atrofidagi o`g`li va shifokor To`lqin Hamroev o`rtasida kelishmovchilik kelib chiqqan. Oqibatda bemorning o`g`li shifokorga musht ko`targan.
To`lqin Hamroev “kalla va bosh miya shikastlanishi, bosh miya chayqalishi, burun suyagining ochiq sinishi, burun asosi ezilib, yirtilgan jarohati, yuqori jag` o`ngdan qoziq tishning travmatik sinishi, ikkala qovoq- burun asosi gematomalari” tashxisi bilan travmatologiya bo`limiga yotqizilgan.
Voqea yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Ma`lumot o`rnida:
To`lqin Hamroev – 57 yoshda, 32 yildan buyon G`uzor tumani tibbiyot birlashmasida anesteziolog-reanimatolog bo`lib ishlaydi. Ayni paytda tumanda yaqinda ochilgan tumanlararo qo`shma shikastlanish va o`tkir qon tomir kasalliklari markazida faoliyat yuritmoqda.
Viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi mazkur holatni o`z nazoratiga olgan. Boshqarma boshlig`i Bobur Teshaev ayni paytda bo`limda davolanayotgan bemor To`lqin Hamroev holidan xabar oldi. Sohaga 32 yillik mehnati singgan shifokorning huquqlarini muhofazalash uchun barcha choralar ko`rilishini ma`lum qildi.
-Yurtimizda “Inson qadri uchun!” shiori ostida qanchadan-qancha xayrli ishlar amalga oshirilmoqda, - dedi B.Teshaev. – Mana shu islohotlarning old safida turgan tibbiyot xodimlari ham eng avvalo - inson. Uning qadrini, hurmatini o`z o`rniga qo`ya olish – barchamizning burchimiz. Ming afsuski, ko`rilayotgan choralarga qaramasdan xizmat burchini bajarayotgan hamkasblarimizga nisbatan tajovuz holatlari oshib borayotgani ko`ngilni xira qiladi. Axir azaldan hatto urush harakatlari ketayotgan paytda ham salomatlik elchilari bo`lgan tibbiyot xodimlari daxlsiz hisoblangan. Yuqoridagi kabi noxush holatlar odamlar salomatligi uchun jon kuydirib turgan shifokor yoki hamshiraga qo`l ko`tarayotgan kimsalarga nisbatan belgilangan javobgarlikni yanada kuchaytirish bo`yicha qonunchilikka o`zgartirish kiritish jarayonini yanada tezlashtirish zarurligini taqozo etmoqda.
Boshqarma boshlig`i To`lqin Hamroevga tezroq sog`ayib, sevimli ishiga qaytishini tilab, vaziyatga qonun doirasida huquqiy baho berilishi, mushtumzo`r fuqaro qonuniy jazosini olishi uchun barcha choralar ko`rilayotganini qayd etdi.






