Hukumat qarori bilan (598-son, 14.10.2022 y.) "Davlat organlari va tashkilotlari idoraviy qorovullik bo`linmalarining huquqbuzarlik va hodisalar yuzasidan ichki ishlar organlari va O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bo`linmalarini xabardor qilish hamda o`zaro hamkorlik qilish tartibi to`g`risida"gi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vaziriligi xabar berdi.
Nizomga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlarida jinoyatlar, huquqbuzarliklar, gumondorlar, qidiruvdagi shaxslar, avariyalar, yong`in, halokat va boshqa nojo`ya hodisalar aniqlanganda qorovullik bo`linmalari:
- ️ darhol IIB organlariga xabar beradi;
- ️ IIB va Milliy gvardiya xodimlari kelgunicha huquqbuzarlik va hodisa izlari saqlanishini ta`minlaydi;
- ️ IIB va Milliy gvardiya xodimlariga hodisa to`g`risida axborot beradi;
- ️ tabiiy va texnogen favqulodda holatlarni bartaraf etadi, odamlarni qutqaradi.
Qorovullik bo`linmalari IIB va Milliy gvardiya bo`linmalariga hodisa haqida telefon orqali xabar beradi.
Telefon bo`lmaganida yoki ishlamaganida aloqaning boshqa turlari, xususan xushtakdan quyidagi signallardan foydalaniladi:
- “Ushla” – bitta uzun signal;
- “Yordamga” – ikkita qisqa signal.
Qorovullik bo`linmalari xabari orqali jinoyat, huquqbuzarliklar sodir etgan qidiruvdagi shaxslar aniqlanganda, jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi holat bartaraf etilganda qorovullik bo`linmalari xodimlari 1 martalik pul mukofoti va qimmatbaho sovg`alar bilan mukofotlanishi mumkin.






