AsosiyDunyo

Turkiya sayyohlar uchun yangi soliq turini joriy qilmoqchi

'Turkiya sayyohlar uchun yangi soliq turini joriy qilmoqchi'ning rasmi

2023 yil 1 yanvardan Turkiyada mehmonxonada qolish vaqtida ko`rsatiladigan barcha xizmatlardan soliq undirish to`g`risidagi qonun kuchga kiradi. Bu haqda "Zamon.uz" yozmoqda.

Qonun loyihasiga ko`ra, mehmonxonalar, dam olish maskanlari, kvartirali mehmonxonalar va shu kabilar hududida sotiladigan barcha xizmatlar, jumladan, turar joy uchun 2 foizlik soliq undiriladi.

Ushbu soliq stavkasi muayyan hududlarning mahalliy ijro etuvchi organlarining qaroriga ko`ra o`zgarishi mumkin.

Shu bilan birga, qonun loyihasi mamlakat parlamentiga kiritilganidan keyin turistik biznes tomonidan noaniq savollar paydo bo`ldi.

Masalan, unda ro`yxatdan o`tish vaqtida turistlar to`lovni to`lashi kerakligi aytiladi, biroq Turkiyaga paketli turlar doirasida kelgan xorijlik fuqarolarni joylashtirishda nima qilish kerakligi noma`lum.

Mutaxassislarning fikricha, xorijlik turoperatorlar bilan ishlayotgan mehmonxonalar shartnomasida turistdan 2 foizlik yig`im olinadi degan band bo`lmasa, ular soliqni g`aznaga o`zlari to`lashi mumkin.

Agar turistik mahsulotni sotishda bunga aniq e`tibor berilmasa, turistlar mustaqil ravishda soliq to`lashlari dargumon.

Turkiya 2019 yilda «yashash uchun soliq» joriy etishga qaror qildi.

O`shandan beri qonun koronavirus pandemiyasi va turizmning sezilarli darajada pasayishi tufayli bir necha bor kechiktirildi.

Turkiya iqtisodiyoti ayni damda sezilarli resessiyani boshdan kechirmoqda, bunda turizm asosiy daromad sohalaridan biri hisoblanadi.

Bu yil, Rossiya va Ukraina o`rtasidagi harbiy mojaroga qaramay, mamlakatda turistlar oqimi yaxshi tiklandi, bu ham chet ellik sayyohlar uchun yangi soliq joriy etilishiga olib keldi.

    Boshqa yangiliklar