AsosiyJamiyat

Yaponiyaning Toyo universiteti bilan Hamkorlik memorandumi imzolandi

'Yaponiyaning Toyo universiteti bilan Hamkorlik memorandumi imzolandi'ning rasmi

O`zbekiston delegasiyasining Yaponiyaga tashrifi doirasida Tokio shahridagi Toyo universiteti hamda Samarqanddagi “Ipak yo`li” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti o`rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati xabar berdi. 

Bosh vazir o`rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov boshchiligidagi O`zbekiston delegasiyasining Yaponiyaga tashrifi davomida Toyo universiteti Kuzatuv kengashi raisi Shinji Fukukava, Universitet prezidenti Esuko Yaguchi va boshqa qator mas`ullar bilan uchrashuv bo`lib o`tdi. Uchrashuv O`zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi ko`magida amalga oshirildi.

Uchrashuv doirasida Aziz Abduhakimov Toyo universiteti rahbariyatiga O`zbekistonda turizm va madaniy meros sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda Samarqanddagi “Ipak yo`li” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti faoliyatidagi yangiliklar haqida ma`lumot berdi.

Shinji Fukukava O`zbekiston va Yaponiya ta`lim sohasida qo`shma loyihalarni amalga oshirish borasida katta salohiyatga ega ekanini ta`kidladi. Shu o`rinda ikki davlat oliy ta`lim muassasalari o`rtasida hamkorlik aloqalarini yo`lga qo`yish, ilmiy-akademik almashuvlarni faollashtirish, yaponiyalik professorlarni O`zbekistonga yo`llash va o`zbekistonlik talabalarning Toyo universitetida amaliyot o`tashi imkoniyatlari ko`rib chiqildi.

Esuko Yaguchi O`zbekiston bilan gumanitar, aniq va amaliy fanlar, “yashil” va “barqaror” turizm masalalari hamda obektlar restavrasiyasi bo`yicha qo`shma tadqiqotlar borasida hamkorlikka tayyor ekanini ma`lum qildi.

Yaponiya tomon O`zbekistonning Ipak yo`li mamlakatlari fuqarolari uchun Samarqanddagi “Ipak yo`li” xalqaro turizm va madaniy meros universitetida 85 davlat granti ajratishga doir tashabbusini yuqori baholadi.

Tomonlar turizm sohasida tadqiqotlar o`tkazish, jumladan O`zbekistondagi buddaviylik merosini o`rganish, buddizm  obidalari restavrasiyasi, arxeologik qazishmalarni amalga oshirish, ilmiy seminar va izlanishlarni olib borishga oid kelishuvga erishishdi.

Uchrashuvda, shuningdek, Toyo universiteti rahbariyati va professorlarining O`zbekistonga tashrifini tashkil qilish va uning davomida yurtimizning turistik va ta`lim salohiyati bilan yaqindan tanishish va hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga kelishildi.

Bundan tashqari, Samarqanddagi “Ipak yo`li” xalqaro turizm va madaniy meros universitetida Toyo universiteti talabalari uchun yozgi kampus tashkil etish masalasi muhokama qilindi.

Uchrashuv yakuniga ko`ra, “Ipak yo`li” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti hamda Toyo universiteti o`rtasida Hamkorlik memorandumi imzolanib, u akademik hamkorlik, qo`shma tadqiqotlar o`tkazish, turizm sohasida Yaponiyaning ilg`or tajribasini qo`llashni ko`zda tutadi.

    Boshqa yangiliklar