Yangi tahrirdagi “Elektron raqamli imzo to`g`risida”gi qonun Prezident tomonidan imzolandi.
Qonun bilan elektron raqamli imzodan foydalanish sohasidagi munosabatlar tartibga solinadi.
Elektron raqamli imzoning va qo`lda shaxsan qo`yilgan imzoning bir xil ahamiyatga ega ekanligi e`tirof etildi.
Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi ERIdan foydalanish sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilandi.
ERI kalitlarini ro`yxatga olish markazi hamda shaxslar o`rtasidagi ERIdan foydalanish sohasidagi munosabatlar shartnoma asosida amalga oshiriladi.
ERI kalitini berish yoki uning sertifikatini ro`yxatga olish bir ish kunidan oshmasligi kerak.
ERI kalitiga ega bo`lgan shaxslar ERI mavjud bo`lishi talab qilinadigan davlat xizmatlarining barcha turlaridan erkin foydalanish imkoniyatiga ega bo`ladi.
Jismoniy va yuridik shaxslar bir nechta ERI kalitlariga ega bo`lishi mumkin. Har bir ERI kalitining sertifikatini ro`yxatga olish belgilangan tartibda alohida amalga oshiriladi.
ERI kaliti sertifikatining amal qilish muddati ro`yxatga olingan paytdan e`tiboran 24 oydan oshmasligi kerak. Bunda ERIning amal qilish muddati ikki martadan ko`p bo`lmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.
O`zbekistonning xorijdagi fuqarolari, shuningdek chet el jismoniy va yuridik shaxslari hamda fuqaroligi bo`lmagan shaxslar ERIni konsullik muassasalari, shuningdek diplomatik vakolatxonalarning konsullik bo`limlari orqali olishi mumkin.
Yangi tahrirdagi qonun rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran uch oy o`tgach kuchga kiradi.
14.10.2022 13:43
Shaxslar bir nechta ERI kalitlariga ega bo`lishi mumkin






