Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklar bo`limiga 8-sonli maktabgacha ta`lim tashkilotining tarbiyalanuvchilari orasida o`tkir diareya holati qayd etilgani to`g`risida xabarlar tarqaldi.
Holat yuzasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati quyidagilarni ma`lum qildi.
Joriy yilning 28 sentyabr kuni Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklar bo`limiga 8-sonli maktabgacha ta`lim tashkilotining 23 nafar tarbiyalanuvchisi ko`ngil aynishi, qayt qilish, ich ketishi, tana haroratining (37-39 0S) ko`tarilishi va tomog`ida og`riq shikoyatlari bilan murojaat qilishgan. Shifokorlar ko`rigidan so`ng ulardan 15 nafariga “O`tkir respirator infeksiya. O`RI. Funksional diareya” birlamchi tashhisi qo`yilib, shifoxonaga yotqizilgan. 8 nafariga esa ko`rsatilgan birinchi tibbiy yordamdan keyin qoniqarli ahvolda (ota-onalari shifoxonaga yotqizishdan bosh tortishgan) uylariga ruxsat berilgan.
Yuzaga kelgan vaziyatni joyiga chiqib o`rganish va bemorlarni davolash hamda epidemiyaga qarshi tadbirlarni o`tkazishda mahalliy mutaxassislarga amaliy yordam ko`rsatish uchun Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassislari Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumaniga yuborildi.
Shifoxonada bemor bolalarga malakali tibbiy xizmat ko`rsatilgan, tegishli laboratoriya tahlillari uchun namunalar olingan. O`tkazilgan muolajalardan keyin ahvoli yaxshilangan barcha bemorlarga 2 oktyabrga qadar uylariga ruxsat berilgan.
Bemorlardan olingan namunalarning tahlillari natijalariga ko`ra, ulardan 3 nafarida Shigella dysenteriae sonnei bakteriyalari aniqlandi.
MTT ichimlik va oqova suv tizimlari, oshxona anjomlari, havo so`ruvchi ventilyasiya tizimi, hojatxonalar sanitariya-gigiena talablariga to`liq amal qilinmayotgani aniqlandi.
Bundan tashqari, MTTda faoliyat yuritayotgan xodimlardan, 4 nafari tibbiy ko`rikdan o`tmagan.
MTTda taomlari (sutkalik namunalar) va oziq-ovqat mahsulotlari, oshxona anjomlari va yuzalaridan olingan namunalarda ichak tayoqchalari guruhiga mansub bakteriyalar (ITBG) aniqlandi.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish hamda kelgusida maktabgacha ta`lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari orasida ovqatdan zaxarlanish holatlariga yo`l qo`ymaslik yuzasidan Maktabgacha ta`lim vazirligiga xat kiritildi.
2022 yil 30 sentyabrdan 8-MTTning ish faoliyati yo`l qo`yilgan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar vaqtincha to`xtatilgan hamda MTT direktoriga nisbatan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Ma`lumot o`rnida shuni aytish lozimki, respublikamizdagi barcha ta`lim muassasalari va maktabgacha ta`lim tashkilotlaridagi sanitar-gigienik holatlar tizimli ravishda Sanepidxizmat mutaxassislari tomonidan o`rganib borilmoqda.
13.10.2022 12:55
Quyi Chirchiqdagi 8-sonli MTM tarbiyalanuvchilarida ommaviy o`tkir diareya qayd etildi






