Shu kunlarda ommaviy axborot vositalarida “Kattaqo`rg`onlik chala mulla, o`zini o`qitishga kelgan ayolga tegajog`lik qildi” sarlavhali xabar turli bahs-munozalarga sabab bo`lmoqda.
Ayol mullani sudga bergan. "Sevimli" telekanalining "ZAMON" dasturini sud zalidan tayyorlagan lavhasida mulla “al-Buxoriy” nomli madrasada ta`lim olganini aytgan.
O`zbekiston musulmonlari idorasi ushbu holat yuzasidan o`rganish ishlarini olib borgan.
Aniqlanishicha, mazkur shaxs Samarqand viloyati Kattaqo`rg`on tumanida yashovchi, folbinlik, firibgarlik, ichkilikbozlik kabi dinimizda qattiq qoralangan ishlar bilan shug`ullanadigan F.H. ismli fuqaro ekani ma`lum bo`lgan.
️"Ushbu shaxs hech qanday diniy ma`lumot yoki diniy rutbaga ega emas. Lavhada aytilgan, “al-Buxoriy” nomli madrasa ham O`zbekiston hududida faoliyat olib bormaydi. Arab tili kabi biror o`quv kurslarda o`qish shaxsga hech qanday diniy faoliyat olib borish uchun asos bo`lmaydi.
Demakki, ushbu shaxsga nisbatan “mulla” so`zini ishlatish mutlaqo noto`g`ri, uning dinga va mullalikka umuman aloqasi yo`q. Aksincha, u folbinlik, firibgarlik, ichkilikbozlik kabi illatlarga ruju qo`ygan kimsadir.
Ta`kidlash kerakki, “mulla”, “imom”, “madrasa” kabilar Islom shiorlari hisoblanadi. Alloh taolo islom shiorlarini ulug`lashga targ`ib qilish barobarida ularni hurmatsiz qilishdan qattiq qaytargan. Ayniqsa, turli noloyiq ishlarni “mulla”, “imom”, “madrasa” kabi islom shiorlariga bog`lash esa katta gunohdir.
️Xulosa shuki, OAV va ijtimoiy tarmoq yurituvchilari turli voqea-hodisalarni ommani jalb qilish maqsadida, din bilan bog`lab ko`rsatishdan saqlanishlarini so`raymiz. Shuningdek, asossiz xabar tarqatish Islom dini ko`rsatmasiga ko`ra, katta gunoh, qonunchilikda esa javobgarlikka omil ekanini eslatib o`tamiz", – deyiladi O`zbekiston musulmonlari idorasi munosabatida.






