Samarqandda davlat idoralarida ishlovchi 74 nafar shaxs mast holda avtomashina boshqargani ma`lum qilindi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
Qayd etilishicha, Respublika Oliy sudi tomonidan transport vositalarining mast holda boshqarish hamda transport vositalari haydovchilari va yo`l harakati boshqa ishtirokchilarining mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan o`tishdan bo`yin tovlash bilan bog`liq ma`muriy huquqbuzarliklar to`g`risidagi ishlarning ko`rilishi bo`yicha sud amaliyoti umumlashtirilgan. Uning natijalariga ko`ra 2022 yil 5 centyabr kuni Rayosat qarori qabul qilingan.
Shuningdek, Rayosat qarorida Samarqand viloyat hududida mazkur toifadagi huquqbuzarliklar oshganligi, shu jumladan ayollar va davlat idoralari xodimlari tomonidan sodir etilish ko`rsatkichi yuqori ekanligi qayd etilgan.
Samarqand viloyat sudlari tomonidan 2021 yil davomida jami ko`rib tamomlangan ma`muriy huquqbuzarliklar to`g`risidagi ishlar 49 618 nafar shaxsga nisbatan 37 859 tani tashkil etgan. Shundan 6506 nafar shaxsga nisbatan 6400 tasi mazkur toifadagi ishlar hisoblanadi.
41 nafar xotin-qiz mast holda avtomashina boshqargani uchun ma`muriy javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, 12 nafar xotin-qiz mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan o`tishdan bo`yin tovlagani uchun ma`muriy javobgarlikka tortilgan.
Shu bilan birga, davlat idoralarida ishlovchi 74 nafar shaxs mast holda avtomashina boshqargan, yana shunchasi mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan bosh tortgan. Mazkur toifadagi huquqbuzarlikni sodir etgan davlat idorasi xodimlari orasida huquqni muhofaza qiluvchi yoki nazorat qiluvchi idoralarning mas`ul mansabdor shaxslari ham borligi ma`lum qilingan.
Viloyat sudi tizimida 2022 yilning o`tgan 9 oyi davomida transport vositasini mast holda boshqarish bilan bog`liq 3416 ta ish (3474 nafar shaxsga nisbatan) ko`rib tamomlanib, 3054 nafariga jarima, 363 nafar shaxsga ma`muriy qamoq jazosi qo`llanilgan.
Mast holatda avtomashina boshqarib, ma`muriy jazo olganlarning 40 nafarini ayollar, 3 nafarini voyaga etmaganlar hamda 179 nafarini 60 yoshdan oshganlar tashkil qilgan.
O`tgan yanvar-sentyabr oylari davomida viloyat sudi tizimida mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan o`tishdan bo`yin tovlash bilan bog`liq 843 ta ish (843 nafar shaxsga nisbatan) ko`rilgan. Mazkur ishlar bo`yicha 750 nafar shaxsga jarima, 86 nafar shaxsga ma`muriy qamoq jazosi qo`llanilgan. Ma`muriy jazo olganlarning 6 nafari ayollar, 64 nafarini 60 yoshdan oshganlar tashkil qilgan.






