AsosiyJamiyat

Ish bor, pul bor, ammo ishni bajaradigan odam yo`q — Rustam Xolmurodov

'Ish bor, pul bor, ammo ishni bajaradigan odam yo`q — Rustam Xolmurodov'ning rasmi

Oliy Majlis Senatining 7 oktyabr kuni bo`lib o`tgan o`ttiz uchinchi yalpi majlisida senator Rustam Xolmurodov yangi ish o`rinlarini yaratish va aholi bandligini ta`minlash masalasiga to`xtaldi. Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko`ra, mamlakatda juda muhim va dolzarb masala bandlikni ta`minlash muammosi hisoblanadi.

"Lekin bir narsaga ba`zan tushunish qiyin. Deylik, chap qo`limda ishsiz shaxs bor, o`ng qo`limda ish joyi bor. Birini ikkinchi tomonga o`tkaza olmayapmiz", — degan senator.

Misol uchun, Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT)ning navbatdagi sammiti davrida Samarqandda ish hajmi juda katta edi, jumladan, qurilish sohasida. Tayyor ishni bajaradigan malakali mutaxassisni topib bo`lmagan. Bu ishsizlar, kasb-hunar ta`limi tizimi, bandlikka mas`ul idoralar, berilayotgan maoshlar va bir nechta parametrlar o`rtasida nomutanosibliklar borligini anlatadi.

" Masalani yuzaki ko`rmasdan chuqurroq ilmiy tahlil qilish kerak, deb hisoblayman. Bir necha yildan beri aynan shunday murakkablik mavjud. Ko`p hollarda oddiy hunar egasi kerak bo`ladi. Bunday kasbga bir necha yil o`qitishga hojat ham yo`q, aslida. 3-6 oyda bir qator ish joylarini band qilsa bo`ladi", — degan Rustam Xolmurodov.

Shuningdek, majlisda bugun ko`tarilgan xizmat turlari masalasi muhimligi ta`kidlangan. Dunyoda xizmat turlari bo`yicha 60-70 foizgacha aholi band. Xizmat qilish kerak bo`lgan joylar etarlicha, lekin bir tomonning sa`y-harakatini ikkinchi tomon bilan birlashtira olinmayotgani aytilgan. Hamda tashkiliy masalalarda nuqsonlar borligi, masalan, bir yil davomida ShHTning navbatdagi sammitiga tayyorgarlik ko`rilgan bo`lsa real qiyinchilik bilan to`qnash kelilingani ta`kidlangan.

"Ish bor, pul bor, ammo ishni bajaradigan odam yo`q. Ikkinchi tomondan esa aytamizki, ishsizlik mavjud. Masalan, Samarqandda qancha gul ekildi, daraxt ekildi – lekin, afsuski, gul ekadigan maxsus odam yo`q, daraxtga qaraydigan odam yo`q. Ko`chani supuradigan odam yo`q. Qurilishda turli toifadagi ishlarni bajaradigan odam yo`q. Bulardan murakkablari — elektrik, energetik, santexnik kasblari haqida gapirmayapmiz. Mana shu haqida mas`ul mutaxassislar chuqurroq, jiddiy yondashsa, fikrimcha, echimi topiladi. Albatta, barcha davlatlarda ham bandlik 100 foiz ta`minlangan emas. Lekin bizdagi asosiy muammo — vaziyatning turli taraflarini kerakli darajaga o`zaro uyg`un kelishtira olmayapmiz. Muvofiqlashtirish yo`q", — degan senator.

    Boshqa yangiliklar