Past va yuqori kuchlanish qurilmalari hamda boshqa zarur elektrotexnika jihozlarini ishlab chiqaruvchi yirik korxonalardan biri – “O`zelektroapparat-Elektroshit” korxonasi. Respublikada past va yuqori kuchlanishli transformatorlar ishlab chiqarishda etakchi hisoblangan mazkur korxonada bugun yangi turdagi elektrotexnika mahsulotlari o`zlashtirilmoqda, xususan elektr hisoblagichdan tortib, elektron platalargacha bo`lgan yangi loyihalar amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Korxona 80 yillik tarixga ega bo`lib, o`z ichiga 3 ta yirik kompaniyalarni birlashtiradi. Ya`ni “Toshelektroapparat”, “Chirchiq transformator zavodi” va “Nukuselektroapparat” korxonalari majmuidan iborat. Ushbu kompaniya guruhlari tomonidan yiliga 5000 ta podstansiya, 1 milliondan ortiq elektr hisoblagichlar, 450 turdan ziyod elektrotexnika mahsulotlari, 500 kVgacha kuchlanish qurilmalari ishlab chiqariladi. 4500 ta ishchi-xodimlar mehnat qiladigan korxonalarda har chorak 230 ming kg.mis xom-ashyosi qayta ishlanadi. Korxona 12 ta ishlab chiqarish sexlariga ega. 30 dan ortiq dunyoning etakchi xorij kompaniyalari bilan hamkorlik o`rnatilgan.
Qariyb 8 gektar maydonda joylashgan korxona Respublika iqtisodiyotining muhim manbai bo`lib hisoblanadi. Yaqinda korxonada 10 mln dollarlik faol investisiya kiritish hisobiga metallga ishlov beruvchi kompleks ishga tushirildi.
Korxona tomonidan bugungi kunda energetika, tog`-kon sanoati, neft-gaz, transport, kimyo, avtomobilsozlik, qurilish sohalaridagi ob`ektlarni elektr energiyasi bilan ta`minlash bo`yicha ham mamlakatimizda, hamda xorijda bir qator loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Mahsulotlar ichki sifat nazorati bilan bir qatorda milliy davlat standartlari va xalqaro talablarga mos keladi, mahsulotlarni ishlab chiqarishda IEC (Xalqaro elektrotexnika komissiyasi) xalqaro standartlari ham qo`llaniladi.
Ayni paytda bu erda elektron platalar va elektrmobillar uchun quvvatlash qurilmalari ham to`liq ishlab chiqarilmoqda. Mamlakatda “Yashil energetika”ni rivojlantirish yo`lida bir qator yirik quyosh elektr stansiyalarining qurilishlarida ham “O`zelektroapparat-Elektroshit” korxonalari guruhining xizmatlari katta.
Oybek Shukurov






