Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti kredit mablag`larini talon-taroj qilish holatlari aniqlangani haqida xabar berdi.
Departamentning Yangi Namangan tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “A.D.” MChJ rahbari A.Q. va boshqalar hududiy tijorat banki mas`ul xodimlari o`zaro til biriktirib, ushbu MChJga chemodan mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun ajratilgan 1,5 mlrd so`m kredit mablag`ini rasmiy hujjatlarni soxtalashtirish yo`li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Departamentning Termiz tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “A.N.” MChJ rahbari N.A. 2019 ilda “Yangi hayot” MFY hududidagi dam olish maskanini zamonaviy tipda qayta ta`mirlash va mehmonxona qurilishi uchun tijorat banki filialidan 1,2 mlrd so`m kredit ajratilishiga erishib, hozirgi kunga qadar qurilish va loyiha ishlarini amalga oshirmasdan, kredit mablag`larini o`zlashtirish yo`li bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Denov tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “A.F.” MChJ rahbari A.F. tijorat banki filialidan ajratilgan 90 ming AQSh dollaridagi kredit evaziga qo`shni Qozog`iston Respublikasidan olib kelingan 495 bosh chorva mollarini sotib yuborib, juda ko`p miqdordagi kredit mablag`ini o`zlashtirish yo`li bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Departamentning Piskent tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa, hududdagi tijorat banki filialining mas`ul shaxslari va “B.T.” MChJ norasmiy rahbari U.B. avtomobillarga texnik xizmat ko`rsatish shoxobchasini tashkil etish uchun ajratilgan 546,6 mln so`m kredit mablag`ini naqdlashtirib olishib, o`zlashtirish yo`li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Departamentning Oqdaryo tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “E.Sh.” va “N.J.” oilaviy korxonalari mas`ul shaxslari hududiy tijorat banki filialidan ajratilgan 490 mln so`m kredit evaziga non va shirinlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi uskunalari sotib olishib, keyinchalik ularni qayta sotib yuborish orqali kredit mablag`larini o`zlashtirish yo`li bilan talon-taroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






