Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida o`smirlarning faol hayot kechirishi, bilim olishiga ko`maklashish va internetda xavfsizligini ta`minlashga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Yig`ilishda bugungi globallashuv davrida axborot tarqatish imkoniyatlari keng ekanligi va bu jarayonda yosh avlodni turli axboriy xurujlardan asrash dolzarb bo`lib qolayotgani alohida ta`kidlandi.
Shu bois YuNISEFning O`zbekistondagi vakolatxonasi, hukumat idoralari va mobil aloqa operatori bilan hamkorlikda “Yaxshi narsalar interneti” deb nomlangan yangi platforma ishlab chiqilgani ma`lum qilindi.
— Bugungi kunda ko`plab yoshlar internetdan, xususan, ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalanadi, — deydi S. Ubaydullaeva. — Ularning imkoniyatlarini inkor etmagan holda shuni aytish kerakki, ayni paytda internetdagi zo`ravonlik va shafqatsizlikni targ`ib qiluvchi juda ko`p ma`lumotlar aldov va g`araz maqsadlarda tarqatilmoqda. Bu esa yoshlar sog`ligi va ongiga salbiy ta`sir etishi aniq. O`ylaymanki, ushbu yangi platforma bolalar, o`smirlar, ota-onalarning sifatli, xavfsiz, xolis va foydali axborotdan erkin foydalanishini ta`minlashda muhim ahamiyatga ega.
Mazkur dastur “Sog`liqni saqlash”, “Ruhiy salomatlik”, “Ta`lim”, “Inson huquqlari”, “Yo`l harakati xavfsizligi” kabi yo`nalishlar bo`yicha zarur tushunchalarni o`z ichiga olgan.
Ta`kidlanishicha, ushbu loyiha internetdan foydalanishga sharoiti yo`q aholi qatlami uchun ham mo`ljallangan. Eng asosiysi, undan foydalanish mutlaqo bepul.
Platforma o`zbek, qoraqalpoq va rus tillarida faoliyat ko`rsatib, ayni paytda uning kontentini boyitish ustida ish olib borilmoqda.
Sog`liqni saqlash vazirligi ishchi guruhi, YuNISEF ekspertlari, volontyorlar yordamida platforma kontentini to`liq o`rganib chiqish ishlari yakuniga etdi. Ushbu innovasion dastur bugundan boshlab ishga tushadi.






