Ostona Qozog`istonga rossiyaliklar kirib kelishi ko`payishi masalasida Moskva bilan muzokara o`tkazadi. Bu haqda "Zamon.uz" Ria novostiga tayanib ma`lum qilmoqda.
“So`nggi kunlarda bizga Rossiyadan ko`plab odamlar kirib kelmoqda. Ularning katta qismi murakkab vaziyat tufayli ketishga majbur bo`lgan. Biz ular haqida qayg`urishimiz va xavfsizlikni ta`minlashimiz kerak. Bu siyosiy va gumanitar masala. Men hukumatga zarur choralarni ko`rishga topshiriq berdim”, – degan Qozog`iston prezidenti Qosim-Jo`mart To`qaev.
To`qaev Rossiya tomoni bilan ushbu masalada muloqot qilishini va milliy manfaatlar doirasida muammoni hal qilishini aytgan.
Rossiyada 21 sentyabr kuni qisman harbiy safarbarlik e`lon qilingach, mamlakatdan chiqib ketish istagida bo`lganlar soni keskin ko`paydi. Ular asosan Qozog`iston, Turkiya, Gruziya va O`zbekiston yo`nalishlarini tanlamoqda.






