SSV Matbuot xizmatining ushbu savoliga vazirlikning Fan va ta`lim boshqarmasi boshlig`i O`ktam Ismailov javob berdi:
— Oliy ta`lim etuk mutaxassislar tayyorlashning eng muhim bo`g`ini hisoblanadi, — deydi O`.Ismailov. — Sababi ushbu bosqichda talaba nafaqat bilim oladi, balki bevosita amaliyotga kirishadi.
Albatta, bu jarayonda xalqaro hamkorlik va chet el tajribasi juda muhim. Shu bois, bugun yurtimizda xorijning etakchi tibbiyot oliy o`quv yurtlari bilan yaqin hamkorlik qilish, o`quv jarayoniga ilg`or tajribalarni joriy etish, xususan, qo`shma ta`lim dasturlari orqali malakali mutaxassislar tayyorlashga alohida e`tibor qaratilyapti.
Jumladan, ayni paytda mamlakatimizdagi mavjud tibbiyot oliy ta`lim muassasalarining baklavriat bosqichida Rossiyaning 15 ta, Polsha, Qozog`iston va Ukraina oliy ta`lim muassasalari bilan 46 ta qo`shma ta`lim dasturi asosida tibbiyot fakultetlari tashkil etilib, ularda jami 2 ming 266 nafar talaba tahsil olmoqda.
Qolaversa, magistratura bosqichida Rossiya, Polsha va Belarus oliy ta`lim muassasalari bilan 11 ta qo`shma ta`lim dasturi asosida tibbiyot fakultetlari ochilib, ularda bugungi kunda 65 nafar talaba soha sir-asrorlarini o`zlashtiryapti.
Shuningdek, oliy ta`lim muassasalarining klinik ordinatura bosqichida Rossiya va Belarus institut va universitetlari bilan 28 ta qo`shma ta`lim dasturi asosida tashkil etilgan tibbiyot fakultetlarida jami 84 nafar talaba bilim olmoqda.
Yana bir muhim yangilik. Joriy o`quv yilidan boshlab yurtimizdagi tibbiyot oliy ta`lim muassasalarida “Transplantologiya” va “Kardioxirurgiya” mutaxassisliklari bo`yicha klinik ordinatura (rezidentura)da kadrlar tayyorlash yo`lga qo`yildi. E`tiborlisi, mazkur yo`nalishlar bo`yicha yiliga 20 nafar tranplantolog va 24 nafar kardioxirurg etishib chiqadi.
24.09.2022 10:44
Yurtimizdagi qo`shma tibbiyot fakultetlarida qancha talaba tahsil olmoqda?






