Sankt-Peterburgda mushkul ahvolda qolgan yana bir fuqaro Vatanga qaytarildi, deya xabar bermoqda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi.
Ma`lum qilinishicha, joriy yil 15 sentyabr kuni Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining Sankt-Peterburg shahridagi vakilligi hamda Bosh konsulxonaga yurtdoshimiz N.K. tomonidan uning og`ir vaziyatda qolganligi sababli Vatanga qaytarishda amaliy yordam so`rab murojaati kelib tushdi.
Fuqaroning murojaati vakillik tomonidan o`rganib chiqildi va uning og`ir ahvolda ekanligi aniqlandi. Shundan so`ng, fuqaroga Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo`llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg`armasi mablag`lari hisobidan aviachipta olib berildi va “Uzbekistan airways” kompaniyasi hamkorligida Sankt-Peterburg-Urganch yo`nalishidagi aviareys orqali O`zbekistonga qaytarildi.
Eslatib o`tamiz, sal avval ham Rossiyada ishsiz va og`ir vaziyatga tushib qolgan ayol va uning ikki nafar bolasi Sankt-Peterburg – Toshkent yo`nalishidagi aviareys orqali O`zbekistonga qaytarilgan edi.






