ICE birjasi ma`lumotlariga ko`ra, 23 sentyabr, juma kungi savdolar chog`ida Brent markali neft narxi deyarli uch foizga arzonlagan.
Kunning yarmiga kelib, Brent markali neftning noyabr fyucherslari narxi 2,9 foizga tushib, bir barrel uchun 87,84 dollarni, WTI markali neftning esa noyabr fyucherslari 3,28 foizga tushib, 80,75 dollarni tashkil qildi.
Narxlarning tushishi bozorda talabning pasayishi kutilayotgan sharoitda sodir bo`ldi. Bunday natija jahondagi resessiya xatarlari va regulyatorlarning inflyasiyaga qarshi kurashish uchun pul-kredit siyosatini kuchaytirish istagi fonida kuzatilishi mumkin.
JPMorgan tahlilchilari neft narxi oshishiga va bir barrel uchun 150 dollarni tashkil etishiga ishonch bildirmoqda. Buning sabablaridan biri sanoatga investisiyalarning kamayishi bo`lishi mumkin. Bank vakilining ta`kidlashicha, xalqaro razvedka kompaniyalari eski zaxiralarni almashtirish uchun burg`ulash ishlariga etarli mablag` ajratmayapti va bozorlar dunyoni etarli darajada neft bilan ta`minlash OPEK mamlakatlariga juda bog`liq.






