Bosh prokuratura tomonidan mutasaddi idoralar bilan birgalikda hozirga qadar foydalanib kelinayotgan arxitektura yodgorliklarining ahvoli Toshkent shahrida o`rganildi.
Bugungi kunda poytaxtda mavjud 290 ta tarixiy binolarning 167 tasi tashkilot va idoralar tomonidan foydalanilmoqda.
O`rganishlar foydalanuvchilar tomonidan ob`ektlardan noto`g`ri foydalanish va zarar etkazish holatlari mavjudligini ko`rsatdi.
Jumladan, o`zboshimchalik bilan 290 ta arxitektura yodgorligiga zarar etkazgan holda 818 dona kondisioner hamda 20 ta ob`ektga 36 ta soyabon va banner o`rnatilgan.
Masalan, davlat muhofazasiga olingan Toshkent iqtisodiyot universiteti binosiga 30 ta, Fanlar akademiyasiga 49 ta yoki Transport universitetiga 98 ta kondisioner o`rnatilgan.
Nazorat tadbirlarida 21 ta ob`ektdagi qonun buzilishi holatlari foydalanuvchilarning o`zi tomonidan bartaraf etilishi ta`minlandi.
Shu bilan birga, 25 ta ob`ekt foydalanuvchisiga nisbatan ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi ishlar qo`zg`atilib, sudlarga yuborildi.
Xususan, “O`zarxiv”, Badiiy akademiya, Fanlar akademiyasi, Ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasi, “Geologiya muzeyi”, “Boshplan LITI” korxonasi va boshqa idoralar mas`ul shaxslarining javobgarlik masalasi hal etildi, deyiladi xabarda.
23.09.2022 05:11
O`zbekistonda 290 ta tar ixiy binolarning 167 tasi tashkilotlar tomonidan foydalanilmoqda — Bosh prokuratura






