Hukumat qarori (515-son, 20.09.2022 y.) bilan Davlat ijtimoiy sug`urtasi bo`yicha homiladorlik va tug`ish nafaqasini tayinlash hamda to`lash tartibi to`g`risida nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Nizom bilan byudjet tashkilotlaridan boshqa barcha yuridik shaxslarda 6 oy uzluksiz ishlayotgan ayollarga homiladorlik va tug`ish nafaqasini to`lash tartibi belgilandi.
Nafaqa Ijtimoiy sug`urta jamg`armasi hisobidan farzand tug`ilgunigacha minimal iste`mol xarajatlarining 4 baravari (1 mln 992 ming so`m) miqdorda beriladi.
Shunga ko`ra, yuridik shaxslarning nafaqa to`lash majburiyati Jamg`arma hisobidan to`langan nafaqa miqdoriga kamaytiriladi.
Mehnatga layoqatsizlik varaqasi nafaqani tayinlash va to`lash uchun asos bo`ladi. Mehnatga layoqatsizlik varaqasi rasmiylashtirilgandan 5 ish kunida ma`lumotlar mas`ul tibbiyot xodimi tomonidan “Tibbiyot” axborot tizimiga kiritiladi va ma`lumotlar “Yagona reestr” tizimiga yuboriladi.
“Yagona reestr” tizimi tomonidan nafaqa tayinlash yoki rad etish haqida qaror qabul qilinib asoslantirilgan holda nafaqa oluvchining telefoniga SMS-xabar yuboriladi. Nafaqa oyning 10-sanasigacha nafaqa oluvchining plastik kartasiga o`tkazib beriladi. Plastik karta bo`lmaganida esa oyning 27-sanasigacha naqd ko`rinishda beriladi.






