Konstitusiyaviy komissiya matbuot kotibi Odiljon Tojievning ma`lum qilishicha, kelib tushgan takliflar asosida Konstitusiyaviy qonun loyihasining 26-, 41-moddalariga yangi normalar hamda yangi 37-1-moddani kiritish nazarda tutilmoqda.
Xususan, Konstitusiyaning 26-moddasiga ushbu qism qo`shilishi ko`rib chiqilmoqda:
"Shaxsning o`z aybini tan olishi unga qarshi yagona dalil bo`lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas".
Shuningdek, Konstitusiyaviy qonun loyihasiga yangi 37-1-moddasi kiritilmoqda, unda:
"Davlat fuqarolarni ishsizlikdan himoya qilish va kambag`allikni qisqartirish choralarini ko`radi. Davlat fuqarolarning bandligini ta`minlash uchun ularning kasbiy tayyorgarligi hamda qayta tayyorlanishini tashkil etadi va rag`batlantiradi".
Amaldagi 41-moddaga esa quyidagicha qo`shimcha kiritilishi mumkin:
"Davlat uzluksiz ta`lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta`lim tashkilotlarining rivojlantirilishini ta`minlaydi".
Ayni vaqtda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Konstitusiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasini yakunlangan. Loyiha referendumga chiqarilishi kutilmoqda.






