Ayni payt Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida mamlakatimizning ichki va tashqi turizm salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig`ilishi boshlandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Davlatimiz rahbari bu yili turizm uchun pandemiyadan keyin qayta tiklanish davri boshlanganini ta`kidladi. Jumladan:
- sentyabrgacha bo`lgan davrda yurtimizga kelgan xorijiy turistlar soni 2021 yilga nisbatan 3 baravarga ko`paydi va 3,1 million nafarni tashkil etdi;
- yil boshidan turizm eksporti hajmi 926 million dollar bo`ldi (2019 yil davomida 951 million dollar bo`lgan);
- yurtimizga kelgan mehmonlarning sayohati o`rtacha 4-5 kungacha, sarflagan mablag`i 305 dollargacha ko`paydi (bu 2019 yilda o`rtacha 3 kunni tashkil etib, ular 195 dollar sarflagan);
Ichki sayohat qiluvchilar soni ham o`tgan yilga nisbatan 3,5 baravarga o`sib, 7,5 million nafarni tashkil qildi.
Turizmda topilgan daromadning 30 foizi odamlarning qo`liga ish haqi bo`lib borishi, sanoatda va boshqa tarmoqlarda bu 10 foizdan oshmasligi ko`rsatib o`tildi. Turizm sohasida yaratilgan bitta ish o`rni turdosh tarmoqlarda qo`shimcha ikkita ish o`rni paydo bo`lishiga turtki beradi.
Buni tushungan viloyat, tuman va shahar hokimlari tadbirkorlar bilan ishlab, sayyohlar keladigan joylarni ko`paytirayapti.
19.09.2022 11:35
Bu yili turizm uchun pandemiyadan keyin qayta tiklanish davri boshlandi — Shavkat Mirziyoev






