AsosiyJamiyat

"Alimentar diareya" Farg`onadagi yana ikki bog`chada bolalar ovqatdan zaharlandi

'"Alimentar diareya" Farg`onadagi yana ikki bog`chada bolalar ovqatdan zaharlandi'ning rasmi

Sal avval Farg`ona viloyatidagi 39-sonli Davlat maktabgacha ta`lim tashkilotida tarbiyalanayotgan 8 nafar voyaga etmagan bolalar ovqatdan zaharlangani xabar bergan edik. Ularda alimentar diareya (nomutanosib ovqatlanish oqibatida ovqat hazm qilish tizimining buzilishi) aniqlangandi.

Ayni vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda Marg`ilon shahridagi 16 va 24-son bog`chada bir necha nafar bolalar ovqatdan zaharlanganligi haqida xabarlar tarqalmoqda.

Maktabgacha ta`lim vazirligi holat bo`yicha ma`lumot berdi.

Qayd etilishicha, 2022 yil 14 sentyabr kuni kech soat 20:30 lardan boshlab 15 sentyabr kuni davomida Marg`ilon shaxar Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 16 va 24-son maktabgacha ta`lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan jami 12 nafar 3-5 yoshdagi bolalarning ota-onalari shikoyatiga kӯra, shifokorlar tomonidan tibbiy ko`rikdan o`tkazilib, dastlabki “alimentar diareya” birlamchi tashxisi bilan yotqizilgan. 

"Hozirgi kunda shifoxonada bemor bolalar qolmagan ularning barchasi qoniqarli holatda uylariga javob berilib yuborilgan", — deyiladi xabarda.

Unga ko`ra, holatga aniqlik kiritish maqsadida Marg`ilon shahar Sanitariya epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatlik markazi tomonidan bakteriologik tahlil uchun namunalar olingan.

Maktabgacha ta`lim vazirligi ushbu holatni nazoratga olganligini  hamda holat yuzasidan qo`shimcha ma`lumotlar berilishini ma`lum qildi.  

    Boshqa yangiliklar