1966 yilgi Toshkent zilzilasi haqida badiiy film suratga olinadi
XIV Toshkent xalqaro kinofestivalining biznes-dasturi doirasida O`zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi va Rossiyaning “Mars Media” kinostudiyasi o`rtasida qo`shma hamkorlik to`g`risidagi memorandumni imzolash doirasida bu borada kelishuvga erishildi.
“Memorandumning imzolanishi kinematografiya sohasidagi hamkorligimizni rivojlantirish, qo`shma loyihalar ishlab chiqarish yo`lida muhim qadam bo`ldi. Bu yil biz faqat biznes-forumda qatnashamiz, ammo yaqin kelajakda kinofestivalning tanlovlari va boshqa dasturlarida ham ishtirok etamiz degan umiddamiz”, — dedi “Mars Media” ijrochi direktori Yuliya Ivanova.
Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov kino sohasidagi hamkorlikni bunday keng ko`lamda kengayishi davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan siyosat, kinematografiya sohasiga qaratilayotgan e`tibor tufayli amalga oshirilganini alohida ta`kidlab o`tdi.
Eslatib o`tamiz, “Ipak yo`li durdonasi” XIV Toshkent xalqaro kinofestivali joriy yilning 13-18 sentyabr kunlari bo`lib o`tadi. Unda dunyoning 40 ta davlatidan, jumladan, Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston, Turkmanistondan 500 dan ortiq kinematograflar ishtirok etmoqda. Kinofestival doirasida 150 ta badiiy, hujjatli va qisqa metrajli filmlar namoyish etiladi.
Tadbirlar va filmlar namoyishining to`liq jadvali bilan kinofestival tashkilotchisining rasmiy sayti – tiffest.uz orqali tanishish mumkin.
14.09.2022 11:39
1966 yilgi Toshkent zilzilasi haqida badiiy film suratga olinadi






