AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev BMT Bosh kotibi o`rinbosarini qabul qildi

'Shavkat Mirziyoev BMT Bosh kotibi o`rinbosarini qabul qildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 14 sentyabr kuni ShHTning Samarqand sammitida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan BMT Bosh kotibining siyosiy masalalar va tinchlikni barpo etish bo`yicha o`rinbosari Rozmari DiKarloni qabul qildi.

O`zbekiston va BMT o`rtasidagi amaliy hamkorlikning istiqbolli yo`nalishlari, dolzarb xalqaro masalalar, mamlakatimizda 2030 yilga qadar Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasidagi ishlar yuzasidan batafsil fikr almashildi.

Rozmari DiKarlo Prezident Shavkat Mirziyoevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning salomini etkazib, u 2022-2026 yillarda Yangi O`zbekistonni rivojlantirish strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarni qo`llab-quvvatlashini bildirdi.

Keyingi yillarda O`zbekistonning BMT tuzilmalaridagi ishtiroki faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Mamlakatimiz tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining mintaqaviy hamkorlik va o`zaro bog`liqlikni ilgari surishga qaratilgan beshta rezolyusiyasi qabul qilindi.

O`zbekiston 2020-2021 yillarda FAOning Evropa va Markaziy Osiyo bo`yicha 32-mintaqaviy konferensiyasida raislik qilgani, BMTning Inson huquqlari bo`yicha kengashiga a`zo bo`lib kirgani, YuNESKOning kichik yoshli bolalar tarbiyasi va ta`limi bo`yicha jahon konferensiyasi va Jahon sayyohlik tashkilotining (YuNVTO) Bosh assambleyasini o`tkazishni rejalashtirayotgani alohida ta`kidlandi.

Tomonlar Orol dengizi halokatining oqibatlarini yumshatish, Afg`onistonda tinchlik o`rnatish va afg`on xalqiga ko`maklashish loyihalarini amalga oshirish, Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyotni ilgari surish va o`zaro bog`liqlikni mustahkamlash borasidagi hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldilar.

    Boshqa yangiliklar