AsosiySiyosat

Misr va Qatar ShHTning muloqot bo`yicha hamkoriga aylandi

'Misr va Qatar ShHTning muloqot bo`yicha hamkoriga aylandi'ning rasmi

Bugun, 14 sentyabr kuni Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Sammitiga tayyorgarlik ko`rish doirasida Misr Arab Respublikasi va Qatar Davlatiga ShHTning muloqot bo`yicha hamkori maqomi berish to`g`risidagi Memorandumlarni imzolash marosimi bo`lib o`tdi. Bu haqda TIV xabar bermoqda. 

Hujjatlarni ShHT Bosh kotibi Chjan Ming, Misr Arab Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o`rinbosari Hamdi Sanad Loza va Qatar Davlat Tashqi ishlar davlat vaziri Sulton bin Saad al-Murayxiy imzoladilar.

O`zbekiston tomonidan tadbirda Tashqi ishlar vaziri o`rinbosari Furqat Sidiqov ishtirok etdi.

Memorandumlar ShHT va yuqoridagi davlatlar o`rtasida mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik, savdo va investisiya, energetika, AKT, qishloq xo`jaligi, transport va kommunikasiyalar, madaniyat, fan va texnologiyalar, ta`lim, sog`liqni saqlash, turizm va boshqa sohalarda hamkorlikni nazarda tutadi.

Hamkor davlat maqomi tashkilotga a`zo davlatlarning taklifiga binoan ShHT doirasida o`tkaziladigan tadbirlarda ishtirok etish huquqini beradi.

Memorandumlar ular imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.

Memorandumlarni imzolash bo`yicha ishlar O`zbekiston tomonidan ShHTga raisligi doirasida hamda tashkilot Davlat rahbarlari kengashining tegishli qarorlarini amalga oshirish maqsadida tashkil etildi.

    Boshqa yangiliklar