Avval xabar qilganimizdek, 15-16 sentyabr kunlari Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a`zo davlatlar rahbarlari kengashining 22-majlisi bo`lib o`tadi. Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov O`zbekiston rahbarining ShHT tadbirlari doirasidagi ish garfigini ma`lum qildi.
Ma`lum qilinishicha, nufuzli tadbirda 8 ta a`zo mamlakat - O`zbekiston, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston, 3 ta kuzatuvchi maqomidagi mamlakat - Belarus, Eron, Mo`g`iliston va 4 ta mehmon sifatida taklif etilgan mamlakat- Turkiya, Ozarbayjon, Turmaniston, Armaniston davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etadi.
Shuningdek, Sammitda qatnashish uchun BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKATO), YuNESKO, Mustaqil davlatlar hamdo`stligi, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti, Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Arab davlatlari ligasi, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo`yicha kengash kabi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning rahbarlari taklif etilgan.
Avval tashkilotga a`zo davlatlar etakchilarining tor doirada majlisi, so`ng barcha delegasiyalar ishtirokidagi kengaytirilgan yig`ilish bo`lib o`tadi. Shu bilan birga, Sammit doirasida ikki tomonlama uchrashuvlar ham ko`zda tutilgan.
Alohida ta`kidlab o`tish lozim, mazkur tashkilot doirasidagi hamkorlik mamlakatimiz tashqi siyosatidagi ustuvor yo`nalishlardan bo`lib, so`nggi 5 yil davomida O`zbekiston Prezidenti tomonidan ShHT sammitlarida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, innovasiya va boshqa sohalar bo`yicha hamkorlik samaradorligini oshirishga doir 54 ta tashabbus ilgari surildi. Shulardan 33 tasi hayotga tatbiq etilgan bo`lsa, 17 tasi Samarqand sammiti davomida amalga oshirilishi kutilmoqda. Qolgan 4 tasi esa hozirgi vaqtda tashkilotga a`zo mamlakatlar bilan birgalikda ishlab chiqilmoqda.
O`zbekistonning 2021-2022 yillarda mazkur tashkilotga raisligi davridabarcha hamkorlik sohalarida 80 dan ortiq tadbir muvaffaqiyatli o`tkazildi.
Sammit pandemiyadan so`ng ilk bor barcha a`zo davlatlar, kuzatuvchi hamda mehmon sifatida taklif etilgan mamlakatlarning to`liq ishtirokida yuzma-yuz formatda o`tkazilayotganligi etakchilar o`rtasida mintaqaviy va global kun tartibining dolzarb masalalari bo`yicha, ayniqsa, joriy xalqaro tendensiyalarni hisobga olgan holda ishonch ruhidagi fikr almashishini tashkil etish imkonini beradi.
Keng ko`lamda olib borilgan chora-tadbirlar samarasida bo`lajak sammitda imzolash uchun 30 dan ortiq hujjat taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Samarqand sammitining asosiy maqsadlaridan biri ShHT oilasini yanada kengaytirish masalasidir. Davlat rahbarlari kengashi doirasida ShHTga a`zolik maqomini olish uchun Eron Islom Respublikasining majburiyatlari to`g`risidagi memorandum imzolanishi kutilmoqda.
Tadbirda qabul qilinadigan muhim hujjatlardan biri bu – Shanxay hamkorlik tashkiloti a`zo davlatlari o`rtasida uzoq muddatli yaxshi qo`shnichilik, do`stlik va hamkorlik to`g`risidagi Shartnomani 2023-2027 yillarda amalga oshirish bo`yicha Keng qamrovli rejadir.
Ushbu strategik ahamiyatga ega hujjat O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va ShHTga a`zo barcha davlatlar tomonidan qo`llab-quvvatlangan.
Reja loyihasi tashkilot doirasida barcha sohalar bo`yicha amalga oshirilayotgan hamkorlik yo`nalishlarini qamrab olgan va hozirgi kunda 120 ga yaqin tadbirlarni o`z ichiga olgan. Ayniqsa, asosiy urg`u savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga karatilgan. Masalan, investisiyalar, energetika, transport, logistika, sanoat kooperasiyasi, axborot va telekommunikasiyalar, qishloq xo`jaligi, bojxona va boshqa sohalardagi sheriklikni yanada mustahkamlash bo`yicha aniq tadbirlar va ularning bajarilishiga mas`ul idoralar belgilangan.
Bundan tashqari, ShHTning kuzatuvchi va muloqot bo`yicha hamkorlar a`zoligini kengaytirish to`g`risidagi qarori qabul qilinadi.
Sammitning asosiy hujjati bu — a`zo mamlakatlarning eng muhim mintaqaviy va global muammolar bo`yicha mujassamlashgan pozisiyalari o`z ifodasini topgan Samarqand deklarasiyasi.Unda mintaqaviy barqarorlik, xavfsizlik va barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta`minlash, transport aloqalarini mustahkamlash, shuningdek, madaniy muloqotni chuqurlashtirish bo`yicha qo`shma yondashuvlar belgilab berilgan.
Shuningdek, Samarqanddagi sammit doirasida ShHT bilan Arab davlatlari ligasi, BMTning ixtisoslashgan tashkilotlari — ESKATO va YuNESKO o`rtasida o`zaro anglashuv memorandumlarini imzolash rejalashtirilgan.
Sammit doirasida davlatimiz rahbari birqator delegasiyalar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o`tkazadi, ular bilan hamkorlik holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashadi.
Qolaversa, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning taklifiga binoan Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin 14-16 sentyabr kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo`ladi.
Tashrif dasturiga muvofiq Samarqand shahrida oliy darajadagi ikki tomonlama muzokaralar bo`lib o`tadi.
Uchrashuvda mamlakatlarimiz o`rtasidagi do`stlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ko`p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko`rib chiqiladi.
O`zbekiston va Xitoy etakchilari xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashadilar. Uchrashuv yakunida Qo`shma bayonot va salmoqli kelishuvlar to`plamini imzolash ko`zda tutilgan.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining taklifiga binoan Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin 15-16 sentyabr kunlari Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand shahridagi sammiti doirasida tashrif bilan mamlakatimizda bo`ladi.
O`zbekiston va Rossiya etakchilarining muzokaralari kun tartibidan strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalari o`rin olgan.
Shu bilan bir qatorda davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashadilar.
Bundan tashqari, Prezidentimizning taklifiga binoan Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy 14-16 sentyabr kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo`ladi.
Ikki mamlakat etakchilari muzokara o`tkazib, ko`p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalarini ko`rib chiqadilar, savdo, kooperasiya, innovasiyalar, transport, energetika, turizm va boshqa yo`nalishlardagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga alohida e`tibor qaratadilar.
Uchrashuv yakunida qator qo`shma hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.






