O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning taklifiga binoan Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin 14-16 sentyabr kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo`ladi.
Tashrif dasturiga muvofiq Samarqand shahrida oliy darajadagi ikki tomonlama muzokaralar bo`lib o`tadi.
Uchrashuvda mamlakatlarimiz o`rtasidagi do`stlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ko`p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko`rib chiqiladi.
Har doimgidek, hamkorlikning amaliy jihatlari, eng avvalo, savdo, investisiyalar, sanoat kooperasiyasi, energetika, transport, innovasiyalar, «yashil» va raqamli iqtisodiyot borasidagi qo`shma loyihalar, sog`liqni saqlash, ta`lim va madaniyat sohalaridagi dasturlarni ilgari surish masalalari diqqat markazida bo`ladi.
O`zbekiston va Xitoy etakchilari xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashadilar. Uchrashuv yakunida Qo`shma bayonot va salmoqli kelishuvlar to`plamini imzolash ko`zda tutilgan.
XXR Raisi Si Szinpin 15-16 sentyabr kunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi doirasidagi tadbirlarda ishtirok etadi.






