AsosiyJamiyat

"Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o`zaro bog`liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik"

'"Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o`zaro bog`liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik"'ning rasmi

O`zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi dunyo miqyosida shiddatli jarayonlar kechayotgan o`ziga xos “tarixiy evrilish” pallasiga to`g`ri keldi – bir tarixiy davr nihoyasiga etmoqda hamda bashorat qilish mushkul bo`lgan yangi bir davr boshlanmoqda.

Xalqaro hamkorlikning universal prinsip va normalarga asoslangan tizimi izdan chiqib borayotgani bugungi kun haqiqatidir. Buning asosiy sabablaridan biri – global darajada davlatlar o`rtasidagi o`zaro ishonchning chuqur tanazzulga yuz tutayotgani bilan bog`liq. Bu esa o`z navbatida geosiyosiy qarama-qarshiliklarga rag`bat berib, “bloklarga mansublik” stereotiplarining qayta tug`ilish xavfini yuzaga keltirmoqda. Davlatlar o`rtasidagi bunday o`zaro ishonchsizlik jarayoni jahon iqtisodiyotining avvalgi taraqqiyot yo`liga qaytishini va global ta`minot zanjirlarining tiklanishini murakkablashtirmoqda.

Dunyoning turli nuqtalarida davom etayotgan qurolli mojarolar savdo va investisiya oqimlarini izdan chiqarib, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta`minlash borasidagi muammolarini yanada keskinlashtirmoqda.

Shu bilan bir qatorda, global iqlim o`zgarishi, tabiiy boyliklar va suv resurslari tanqisligining ortishi, bioxilma-xillikka putur etishi hamda xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi jamiyatlarimizning zaif tomonlarini yanada yaqqolroq ko`rsatib bermoqda. Bu muammolar insoniyat taqdiriga bevosita daxldor bo`lgan mushtarak qadriyat va ne`matlarning emirilishiga olib kelib, odamlar hayoti va faoliyatiga tahdid solmoqda, ularning daromad manbalarini qisqartirmoqda.

Bunday murakkab sharoitda bir xaqiqat aniq: hech bir mamlakat yolg`iz holda ushbu global xavf-xatarlarni chetlab o`tish yoki bartaraf etishga qodir emas.

Bugun biz yashayotgan, jarayonlar o`zaro chambarchas bog`langan dunyoda xavfli muammolar girdobidan chiqishning yakkayu yagona yo`li – konstruktiv muloqot va har bir tarafning manfaatlarini hisobga olish va hurmat qilishga asoslangan ko`p tomonlama hamkorlikdir. Aynan inqiroz va bo`hronlar davrida mamlakatlar, ular xoh katta, o`rta yoki kichik bo`lsin, o`zlarining tor doiradagi manfaatlarini ustun qo`ymasdan, aksincha, asosiy e`tiborni global hamjihatlikka qaratishlari lozim. Tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga xavf tug`dirayotgan, har qaysi mamlakatga rahna soladigan tahdid va xatarlarga qarshi umumiy sa`y-harakat va imkoniyatlarni birlashtirish va safarbar etish barchamiz uchun birdek manfaatlidir.

Samarali xalqaro hamkorlik – bu dunyoda barqaror, ishonchli va farovon taraqiyotning eng muhim omilidir. Aynan shunday yondashuv zamonamizning dolzarb muammolarini bahamjihat hal etish, yangi xavf-xatar va ijtimoiy larzalardan himoyalanish uchun eng aniq, maqbul va samarali yo`l hisoblanadi.

Muvaffaqiyatli mintaqaviy hamkorlik modeli

Barchaning va har bir tomonning manfaatlariga javob beradigan xalqaro hamkorlikni ko`p tomonlama institutlarsiz amalga oshirib bo`lmaydi. Ushbu institutlar faoliyatidagi muayyan kamchiliklarga qaramasdan, ular mintaqaviy va global miqyosda davlatlararo hamkorlikning eng muhim vositasi bo`lib xizmat qilishda davom etmoqda. Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar mamlakatlar o`rtasidagi turli kelishmovchiliklarni engib o`tish, o`zaro anglashuvni mustahkamlash, siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, savdo-sotiqni kengaytirish xamda madaniy-gumanitar almashinuvni rag`batlantirishga yordam beradi.

Ko`p tomonlama faoliyatga asoslangan eng yosh institutlardan biri – Shanxay hamkorlik tashkiloti aynan mana shunday maqsad va vazifalarni ko`zlaydi. Bu tashkilot madaniy-sivilizasion qarashlari turlicha, o`z tashqi siyosiy yo`nalishlari va milliy taraqqiyot modellariga ega mamlakatlarni birlashtira olgan o`ziga xos davlatlararo tuzilmadir. Tarixan qisqa davrda ShHT katta yo`lni bosib o`tib, global siyosiy va iqtisodiy tizimning ajralmas qismiga aylandi, deb qat`iy ishonch bilan aytish mumkin.

Bugungi kunga kelib ShHT hamjamiyati – ulkan geografik makonni qamrab olgan va sayyoramiz aholisining qariyb yarmini birlashtirgan, dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilotdir.

ShHTning xalqaro tashkilot sifatidagi jozibadorligi uning faoliyati asosini tashkil etadigan quyidagi tamoyillarda namoyon bo`lmoqda: Shanxay hamkorlik tashkilotining turli bloklardan xoli maqomga ega ekani, ochiqlik, uchinchi mamlakatlar yoki xalqaro tashkilotlarga qarshi qaratilmagani, barcha ishtirokchi tomonlarning tengligi va suverenitetini hurmat qilish, ichki ishlarga aralashmaslik, siyosiy qarama-qarshilik va ixtilofli raqiblikka yo`l qo`ymaslik.

Shanxay hamkorlik tashkilotining muvaffaqiyat garovi – mintaqaviy xavfsizlikni ta`minlash orqali ko`p tomonli hamkorlikni ilgari surishdadir.

ShHT o`z mohiyatiga ko`ra, tinchlik, hamkorlik va taraqqiyot yo`lida birlashishga, ayirmachilik unsuridan xoli bo`lgan jozibador makonga aylanishi lozim.

Shu sababli ham ShHT faoliyatiga qo`shilish istagidagi davlatlar soni yildan yilga ortib bormoqda. Bu tendensiya xalqaro va mintaqaviy munosabatlar tizimi transformasiya jarayonini boshidan kechirayotgan bugungi sharoitda yaqqol ko`zga tashlanmoqda.

ShHT makonidagi davlatlarning yuksak insoniy, intellektual va texnologik salohiyatga, jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotlarga va hali to`laqonli foydalanilmagan tabiiy zaxiralarga ega ekani tashkilotning iqtisodiy ahamiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Bugungi kunda ShHTga a`zo davlatlar yalpi ichki mahsulotining umumiy hajmi jahon ko`rsatkichining qariyb chorak qismini tashkil qilmoqda. Bu esa endigina 20 yoshga to`lgan ushbu mintaqaviy Tashkilot tomonidan dunyoning barqaror rivojlanishiga qo`shilayotgan hissasining salmog`i yuksak ekanidan dalolat beradi.

Yangi sinovlar va imkoniyatlar vujudga kelayotgan bugungi dunyoda ShHTning transformasiyasi va yuksalishi uchun nafaqat a`zolar sonining ko`payishi hisobiga, balki tashkilot rivojining yangi strategik yo`nalishlarini ilgari surish orqali keng istiqbollar mavjud. Bu o`rinda gap transport
va o`zaro bog`liqlik, energetika, oziq-ovqat va ekologiya xavfsizligi, innovasiyalar, raqamli transformasiya va “yashil” iqtisodiyot kabi muhim yo`nalishlar haqida bormoqda.

O`zbekistonning ShHTdagi raisligi: birgalikda rivojlanish orqali umumiy muvaffaqiyat sari

O`zbekiston Respublikasi Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik qilishdek mas`uliyatli vazifani o`z zimmasiga olgach, asosiy e`tiborni hamkorlikning yangi ufqlarini ochish va har bir ishtirokchi mamlakatning foydalanilmagan rezervlarini ishga solish orqali Tashkilotni jadal rivojlantirish strategiyasiga qaratdi.

Bizning asosiy shiorimiz – “Har birimiz kuchli bo`lsakkina ShHT kuchli bo`ladi”. Uni amalda ro`yobga chiqarish yo`lida Tashkilotni yanada kuchli va xalqaro hamkorlarimiz uchun yanada jozibador bo`lishiga erishish uchun jiddiy harakat qildik.

Yil davomida o`tkazilgan saksondan ortiq yirik tadbirlar doirasida ShHT uchun keng qamrovli kun tartibi shakllantirildi. Bunda xavfsizlik sohasidagi aloqalarni yanada kengaytirish, transport va iqtisodiy o`zaro bog`liqlikni kuchaytirish, Tashkilotning xalqaro maydondagi o`rnini mustahkamlash, rivojlanishning yangi yo`llari va nuqtalarini izlash kabi ko`plab muhim masalalar qamrab olindi.

O`z taraqqiyotining yangi tarixiy bosqichida turgan ShHT uchun katta istiqbolga ega bu yo`nalishlar O`zbekistonning raisligi davrida tayyorlangan o`ttizdan ortiq konseptual dastur, kelishuv va qarorlarda o`z aksini topdi.

Shuni alohida ta`kidlash joizki, mamlakatimizning ShHTga raisligi yurtimizda keyingi olti yilda amalga oshirib kelinayotgan faol va ochiq tashqi siyosatning mantiqiy davomi bo`ldi. Bu siyosat, eng avvalo, ShHTning geografik o`zagi bo`lmish, bugungi kunda yaxshi qo`shnichilik va hamkorlikni mustahkamlash borasida ijobiy va ortga qaytmas jarayonlar ro`y berayotgan Markaziy Osiyo mintaqasida amalga oshmoqda.

ShHTga a`zo barcha davlatlar – eng yaqin qo`shnilarimiz, do`stlarimiz va strategik hamkorlarimizdir.

Tashkilotga raislik bizga ular bilan ko`p tomonlama kooperasiyani yanada mustahkamlash barobarida har bir davlat bilan ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish hamda yanada keng qamrovli sheriklik uchun yangi yo`nalishlarni belgilab olish uchun yaxshi imkoniyatlar berdi.

Shunga ishonchim komilki, bugun ShHT doirasida shakllangan mana shunday ijobiy va muvaffaqiyatli tajribadan Afg`onistonni rivojlantirish masalasida ham foydalanish o`ta muhim va dolzarbdir. Shak-shubhasiz, Afg`oniston ShHT makonining ajralmas qismi sanaladi. Bugun afg`on xalqi qo`shni va xayrixoh davlatlar ko`magiga har qachongidan ham muhtoj. Afg`onistonga birgalikda yordam qo`lini cho`zishimiz, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, mintaqaviy va global taraqqiyot jarayonlariga integrasiyalashuviga ko`maklashishimiz va shu orqali ushbu davlatning ko`p yillik inqirozdan chiqishi uchun qulay sharoit yaratib berish bizning ma`naviy burchimizdir.

Asrlar davomida global miqyosdagi davlatlar va mintaqaviy kuch markazlari o`rtasidagi qarama-qarshiliklarda bufer rolini o`tab kelgan Afg`oniston endilikda Markaziy va Janubiy Osiyoni bog`lovchi ko`prik vazifasini bajarishdek yangi tinchlik missiyasida o`zini namoyon etmog`i lozim.

Bunday o`zaro manfaatli mintaqalararo hamkorlikning namunaviy ramzi sifatida Transafg`on koridorining qurilishi loyihasini aytish mumkin. Shuni ham anglash muhimki, “Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo`li kabi qo`shma infratuzilma loyihalarini birgalikda amalga oshirish orqali, biz ijtimoiy-iqtisodiy va transport-kommunikasiya vazifalarini hal etibgina qolmasdan, mintaqaviy xavfsizlikni ta`minlashga ham salmoqli hissa qo`shishimiz mumkin.

O`zaro pozisiyalarimizni yaqinlashtirib, tinch, barqaror va farovon Afg`oniston uchun ShHTning yangi kun tartibini birgalikda ishlab chiqa olishimizga aminman. Shundagina tom ma`noda barqaror va izchil rivojlanayotgan, yaxlit xavfsizlikka ega bo`lgan ShHT makonini barpo eta olamiz.

"Samarqand ruhi" – hamkorlik, o`zaro anglashuv va do`stlik ifodasi

Savdo-iqtisodiy va ishlab chiqarish aloqalarining jiddiy uzilishiga olib kelgan uch yillik “pandemiya tanaffusidan” so`ng ShHT mamlakatlari va xalqlariga to`g`ridan-to`g`ri muloqot zarur.

Buyuk Ipak yo`lining durdonasi bo`lgan qadimiy Samarqand shahri jahonning o`n to`rtta mamlakati etakchilarini Tashkilotning va unga a`zo har bir davlatning farovonligi va ravnaqiga xizmat qiladigan yangi va ilg`or taklif hamda tashabbuslari bilan kutib olishga tayyor.

Ushbu afsonaviy shahar Shanxay hamkorlik tashkiloti tarixida muvaffaqiyatning yana bir sahifasini ochishiga shubha yo`q. Samarqandning shonli tarixiy merosi bunga xizmat qiladi. Ko`p asrlar mobaynida bu shahar Evropadan Xitoygacha bo`lgan mamlakatlarni mustahkam rishtalar bilan bog`lab, Shimol va Janubni, Sharq va G`arbni yagona chorrahada tutashtirgan.

Azal-azaldan Samarqand turli g`oya va bilimlar “qaynagan” makon bo`lib, bu maskanda insoniyatning tinch va farovon yashash, o`z kuch va imkoniyatlarini ro`yobga chiqarish, baxtli hayot kechirish kabi mushtarak maqsadlari mujassam bo`lgan. Bu tabarruk zaminda yashaydigan har bir odam, yaxshi qo`shni – bu Xudo insonga ato etgan baxtning bir bo`lagi ekanini, tinch-totuv qo`shnichilik esa barakot manbai ekanini chuqur anglagan. Zero, hamkorlik, savdo, ijod, ilm-fan va san`at, insoniy g`oyalar ustuvor bo`lgan joyda ezguliklar ko`payadi, xalqlar farovon va o`zaro ahil yashaydi.

Bugun zamonaviy va jadal rivojlanayotgan infratuzilmalarga ega bo`lgan Samarqandning bunday noyob jihatlari uni mintaqaviy va global xatarlarni birgalikda muhokama qilish, bu borada zarur echimlarni izlab topish uchun eng qulay va maqbul maydonga aylantirmoqda.

Insoniyatning bir butunligi va o`zaro bog`liqligi shu darajada yuqoriki, mavjud xatarlarning aksariyati nafaqat mintaqalar, balki umumjahon miqyosida hamkorlik qilishni taqozo etmoqda.

Ko`p yillik birgalikdagi ishlarimiz tajribasiga tayanib ishonch bilan aytamizki, ShHTning Samarqand sammiti umumiy xavfsizlik va taraqqiyot yo`lidagi o`zaro hurmat, ishonch, konstruktiv hamkorlik prinsiplariga asoslangan yangi, inklyuziv muloqotni yo`lga qo`yish borasida o`ziga xos namuna bo`la oladi.

Samarqand tashqi siyosat bobida ustuvor yo`nalishlari turlicha bo`lgan davlatlarni birlashtirish va murosaga keltirishga qodir aynan shunday platformaga aylana oladi.

Tarixan shakllangan tushunchaga ko`ra, Samarqanddan turib qaralganda, dunyo tarqoq emas, balki yaxlit va bo`linmas bo`lib ko`rinadi. “Samarqand ruhi” degan noyob fenomenning mazmuni ham asli shunda mujassam bo`lib, u xalqaro hamkorlikning, jumladan, ShHT doirasidagi sheriklikning prinsipial jihatdan yangi formatini shakllantirish borasida mustahkam poydevor bo`lishi mumkin.

Aslini olganda, “Samarqand ruhi” bundan 20 yil avval mamlakatlarimizning davr talablariga mos, yangi tashkilotni yaratishiga turtki bergan “Shanxay ruhi”ni uyg`un ravishda to`ldirib turadi.

Shu sababdan aminmizki, Samarqandda ShHT hayotining yangi bosqichi boshlanishiga guvoh bo`lamiz – Tashkilotning tarkibi kengayib, uning kelajak kun tartibi shakllanadi va bunda chuqur ramziy ma`no mujassam.

Ishonchimiz komilki, Shanxay hamkorlik tashkilotining bo`lajak sammitida qabul qilinadigan qarorlar mintaqaviy darajada ham, global miqyosda ham muloqot, o`zaro anglashuv
va hamkorlikni mustahkamlashga salmoqli hissa qo`shadi.

Shavkat Mirziyoev,

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti

    Boshqa yangiliklar