AsosiyJamiyat

Faqat tibbiy xizmat yoki ta`lim bepul emas, balki...

'Faqat tibbiy xizmat yoki ta`lim bepul emas, balki...'ning rasmi

Birlamchi bepul huquqiy yordam xuddi birlamchi bepul tibbiy xizmat yoki bepul ta`lim kabi aholining eng zarur ehtiyojlaridan hisoblanadi. Chunki fuqarolar boshlariga ish tushganida, ayniqsa, kutilmaganda hayotiy muammoga duch kelganlarida, huquqiy madadga ehtiyoj sezishadi.

Ko`pincha aholining kam ta`minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qismi zarur huquqiy yordamni istagan paytlarida uni olishda muammolarga duch keladilar. Shu munosabat bilan Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev va Hukumatimiz tomonidan fuqarolarning ijtimoiy hamda huquqiy himoyasini ta`minlash maqsadida birlamchi bepul huquqiy yordam tizimini yaratishga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 sentyabrdagi qaroriga asosan fuqarolarga huquqiy masalalar bo`yicha birlamchi bepul yuridik yordam ko`rsatish maqsadida tashkil etilgan “Madad” – muassasa shaklidagi nodavlat notijorat tashkiloti shular jumlasidan.

Hamisha xalq bilan va xalq ichida bo`lgan “Darakchi” gazetasi esa aholining huquqiy savodxonligini oshirish va ularning kundalik hayotda duch keladigan hayotiy masalalarida birlamchi bepul huquqiy yordam ko`rsatish borasida faoliyatiga 3 yil to`lgan mazkur tashkilot bilan birinchilardan bo`lib memorandum imzolagan.

Tashkilot bugungi kunda o`z oldiga qo`ygan asosiy vazifalaridan biri sifatida fuqarolarga huquqiy masalalar bo`yicha, shu jumladan, onlayn maslahatlar va tushuntirishlar berish yo`li bilan birlamchi bepul yuridik yordam ko`rsatib, aholining huquqiy savodxonlik darajasini oshirishga ko`maklashib kelmoqda.  

“Madad” NNT va uning joylardagi 60 ta tuman (shahar) huquqiy maslahat byurolari tomonidan aholiga, birinchi navbatda, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo`lgan (kam ta`minlangan oilalar, nogironligi bo`lgan shaxslar, o`zgalar parvarishiga muhtoj yolg`iz pensionerlar) fuqarolarga huquqiy masalalar bo`yicha bepul yuridik yordam ko`rsatmoqda.

To`lqin TURSUNOV, “Madad” NTT ijrochi direktori:

–        O`tgan davrda tashkilot va uning hududiy byurolariga jami 272.375 nafar fuqarolar bevosita murojaat qilib, o`zlarini qiziqtirgan turli huquqiy masalalar bo`yicha bepul yuridik yordam olishgan bo`lsa, tashkilotning rasmiy veb sayti – “Advice.uz” huquqiy axborot portali orqali esa 192.980 nafar fuqarolarga dolzarb hayotiy masalalar yuzasidan onlayn tarzda maslahatlar va tushuntirishlar berilgan. 

Ushbu davrda 22.000 ortiq fuqarolarga sud va boshqa tegishli davlat organlariga murojaat qilishlari uchun huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda ko`maklashish orqali amaliy yordam ko`rsatilgan. “Madad” NNTga fuqarolar aksariyat holatlarda pensiya va ijtimoiy himoya masalalari, oilaviy va mehnat munosabatlari hamda sud-huquq masalalarida huquqiy yordam so`rab murojaat qilishmoqda. O`z navbatida, ushbu sohalarda aholi duch kelayotgan ayrim huquqiy muammolarni, ularni qonunchilikdagi yangiliklar bilan muntazam ravishda tanishtirib borish hamda aholining huquqiy savodxonlik darajasini oshirishga ko`maklashish orqali hal etilishi samarali usullardan biri. 

ESLATIB O`TAMIZ: 

“Madad” – muassasa shaklidagi nodavlat notijorat tashkilotining malakali mutaxassislari tomonidan aholi tomonidan tushayotgan huquqiy savollariga  tushuntirish, tavsiyaviy, targ`ibot materiallari hamkorlik doirasida “Darakchi” gazetasi tomonidan tashkil etilgan “Madad” bo`lamiz” rukni ostida muntazam ravishda chop etib kelinmoqda.

    Boshqa yangiliklar