AsosiyJinoyat

Farg`onada Andijon shahri sobiq hokimi va yana 43 kishining ochiq sudi bo`lib o`tmoqda

'Farg`onada Andijon shahri sobiq hokimi va yana 43 kishining ochiq sudi bo`lib o`tmoqda'ning rasmi

Farg`ona viloyati sudi binosida Andijon shahri sobiq hokimi va qator sobiq mansabdorlarga oid jinoyat ishini ko`rib chiqish bo`yicha ochiq sud jarayoni bo`lib o`tmoqda. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi xabar berdi.

Unga ko`ra, sudlanuvchilar
B.H. (erkak, 1972-yilda Qirg`izistonda tug`ilgan, muqaddam sudlanmagan, Andijon viloyati hokimligi moliya bosh boshqarmasi boshlig`i va Andijon shahri hokimi lavozimlarida ishlagan);

Q.A. (erkak, 1982-yilda Andijon viloyatida tug`ilgan, muqaddam sudlanmagan, Andijon shahri prokurori va Andijon viloyati prokurorining jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo`yicha katta yordamchisi lavozimlarida ishlagan);
Andijon viloyati moliya va xalq ta`limi boshqarmalari, Andijon shahri moliya va xalq ta`limi bo`limlarining sobiq rahbarlari va mas`ul lavozimlarida ishlagan shaxslar va boshqalarga oid jinoyat ishini ko`rib chiqish bo`yicha ochiq sud jarayoni bo`lib o`tmoqda.

Jami 44 nafar sudlanuvchining 29 nafari erkak hamda 15 nafari ayol bo`lib, 34 nafar sudlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish, 10 nafariga esa garov va uy qamog`i tarzidagi ehtiyot choralari qo`llanilgan. Dastlabki tergov organining ayblov xulosasiga ko`ra sudlanuvchilar tomonidan 63 milliard so`mdan ziyod mablag` talon-toroj qilingan va ular Jinoyat kodeksining 167, 168, 207, 209, 210, 28/210, 211, 28/211 va 243-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Ushbu jinoyat ishi Oliy sudning Jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati sudyasi A.O`taev raisligida hamda sudyalar O.Arabov va Sh.Sherqulovdan iborat tarkibda birinchi instansiya sudida ko`rilmoqda. Ayni paytda sud tergovi o`tkazilib, sud jarayoni davom etmoqda. Sud jarayoni yakuni bo`yicha batafsil axborot beriladi.

    Boshqa yangiliklar