Samarqand shahrida ShHT sammiti vaqtida qator yo`llarda transport harkati cheklanadi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, Samarqand viloyati IIBda faoliyati yo`lga qo`yilgan tezkor shtab tomonidan tegishli vazirlik va tashkilotlar mas`ullari ishtirokida matbuot anjumani o`tkazilgan.
Ichki ishlar vazirligi jamoat xavfsizligi departamenti matbuot kotibi Muzifa Sultonovaning ta`kidlashicha, sammit o`tkazilishi munosabati bilan 14–17 sentyabr kunlari Samarqand shahridagi yo`llar to`liq yopilmaydi, balki ayrim ko`chalarda avtotransport vositalari harakatlanishi vaqti-vaqti bilan cheklanadi. Viloyatlararo qatnovchi transport vositalariga esa cheklangan vaqt davomida aylanma yo`llardan foydalanish tavsiya etiladi. Bu jarayonda YPX xodimlari yo`nalishni ko`rsatib turadi.
Transport vazirining matbuot kotibi Navro`z Ashurmatovning ma`lum qilishicha, 14–17 sentyabr kunlari shaharning Ibn Sino, Bo`stonsaroy, Universitet xiyoboni, G-34, Sadriddin Ayniy, Registon, Rudakiy, Shohi Zinda, Usta Umar Jo`raqulov, Islom Karimov, Afrosiyob, Beruniy, Mirzo Ulug`bek, Gulobod, Muqimiy, Dahbed ko`chalarida transport vositalarining harakati vaqtincha cheklanishi munosabati bilan mazkur ko`chalarda jamoat transporti vositalarining harakatiga cheklov o`rnatiladi
«Faqatgina 4, 7, 15, 24, 37, 74, 93 va 99 raqamli avtobus yo`nalishlarida ayrim o`zgartirishlar kiritilgan holda aholiga jamoat transporti xizmati ko`rsatiladi. Samarqand shahridagi qolgan 28 ta avtobus, 2 ta tramvay yo`nalishlari, shuningdek, ikkita yo`nalishda taksi xizmati vaqtincha to`xtatiladi.
Shahar atrofi va shaharlararo viloyat ichki yo`nalishlarida harakatlanayotgan transport vositalari shaharning tashqi halqa yo`lida vaqtincha tashkil etilgan 8 ta YPX maskanlarigacha harakatlanishlari ko`zda tutilgan», — deydi Navro`z Ashurmatov.






