Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi maktablarning birida o`qituvchi ro`mol o`rab kelgan o`quvchi qizlar bilan alohida baland ovozda tanbeh berayotgani aks etgan video tarqaldi.
Yunusobod tuman hokimligining ma`lum qilishicha, videoda holat tumandagi 63-sonli o`rta umumta`lim maktabida sodir bo`lgan.
Ma`lum qilinishicha, joriy yilning 6 sentyabr kuni soat 7:30 da maktabning kirish qismida muassasa rahbari R. Vahabova, Ma`naviyat va ma`rifat ishlari bo`yicha direktor o`rinbosari Sh. Umarova hamda sinf rahbarlari birgalikda o`quvchilarni kutib olishgan.
O`quvchi-qizlar orasida darsga kechikib, taqinchoqlar taqib, kiyinish madaniyatiga rioya etmay kelgan qizlarga maktab direktori tomonidan odob-axloq qoidalari, ta`lim dargohida o`zini tutish tartiblari, qizlar boshiga ro`molini ixchamlashtirgan holda va och rangdagi ro`mol o`rashlari haqida tushunchalar berilgan.
Bundan ayrim o`quvchi-qizlar norozi kayfiyatda bo`lgan hamda 10-“A” sinf o`quvchisi O. Rashidova onasi H. Rashidovaga qo`ng`iroq qilgan. Maktab direktorning tushuntirishlaridan norozi bo`lgan fuqaro H. Rashidova shu zahoti tuman xalq ta`limi bo`limi mudiri O. Yarashevga murojaat qilgan.
Tuman xalq ta`limi bo`limi mudiri topshirig`iga asosan tuman xalq ta`limi bo`limi ma`naviy-axloqiy tarbiya sho``basi mudiri D. Mo`minova shu kuni soat 8:30 da mazkur ta`lim muassasasiga kelib, norozi kayfiyatda bo`lgan 7 nafar o`quvchi-qizlar bilan tushuntirish ishlari olib borgan. Qizlar noto`g`ri tushunganliklari aytib, uzr aytib, yaxshi kayfiyatda dars mashg`ulotlariga chiqib ketishgan.






