Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo hokimi To`ra Bobolov tuman rahbari va klaster boshlig`ini haqorat qilgani haqida audioxabar tarqaldi.
Viloyat hokimligi Matbuot xizmati rasmiy bayonotiga ko`ra, ushbu audioxabar To`ra Bobolov hamda Qiziriq tumanining sobiq hokimi I.Yusupov, tumandagi klaster vakili X.X.larning joriy yilning 17 yanvar kuni bo`lib o`tgan suhbatidan kesib olinib, boshqa ovozlar qo`shilgan holda montaj qilingan.
"Muloqotdan qariyb 9 oy o`tgandan so`ng internet tarmog`iga sizdirilayotgan mazkur audioyozuvning 2:07-daqiqasidan 2:10 daqiqasigacha bo`lgan qismidagi o`ta haqoratli so`zlar viloyat hokimiga tegishli emas. Bo`lib o`tgan suhbatga guvoh bo`lganlar buni tasdiqlaydi. (Viloyat hokimligi Axborot xizmatida asoslar mavjud)" deyiladi bayonotda.
Ta`kidlanishicha, Qiziriq tumanida xorijiy investisiyalar ishtirokida mas`uliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil qilingan paxta-to`qimachilik klasteri o`z majburiyatlarini bajarmay belgilangan loyihalarni amalga oshirmasdan kelgan. Natijada tumanda 2020 yilda 10,5 ming nafar fuqaro qishloq xo`jaligi sohasida band bo`lgan bo`lsa, muhokama qilingan vaqtda (2021 yil yakuni bo`yicha) 4 ming nafar fuqaro mazkur sohaga qamrab olinib, ularning 6,5 ming nafari ishsiz qoldirilgan. Buning oqibatida tumanda xorijiy davlatlarga ish izlab ketganlar soni oshgan.
" Shuningdek, klaster tomonidan 2022 yil bahorgi dala ishlarida qatnashishi belgilangan 262 ta chopiq traktori va kultivatorlar hamda 102 ta chigit ekish seyalkalarini ta`mirlash ishlari amalga oshirilmay, o`z holiga tashlab qo`yilgan. Viloyat hokimi yuqoridagi holatlarni tahlil qilish jarayonida asabiy holatda qo`pol so`zlar ham ishlatib yuborgan. (audioyozuvning 2:07-daqiqasidan 2:10 daqiqasigacha bo`lgan holat bundan mustasno).
Ta`kidlash joizki, ushbu muhokamalardan so`ng ko`tarilgan muammoli masalalar bo`yicha zarur chora-tadbirlar belgilangan.
Hudud rivoji uchun jon kuydirayotgan viloyat hokimining ovozini yozib olib, montaj qilib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish orqali uni yomonotliq qilishdan, rahbariyat ko`ziga yomon ko`rsatishga urinishdan kimlardir manfaatdor bo`lishi mumkin. Tasavvur qilaylik, bir oila boshlig`i farzandini oila uchun biron muhim ishning uddasidan chiqolmay uni orqaga tortgani uchun jahl ustida koyidi. Xuddi shunday, besh yoki o`n emas, qariyb uch million kishining manfaatini ta`minlashga mas`ul rahbar ham vaqtida amalga oshirilmagan ish uchun jiddiy toliqqani sabab beixtiyor mas`ullarga qattiq gapirib yuborgan bo`lishi mumkin. Bu so`zlarni montaj qilib, tarmoqda tarqatish bilan shug`ullanish orqali rahbarning ishchanlik qobiliyatiga ta`sir etmoqchi bo`layotganlar o`zlarini bugungi islohotlarga xayrihoh shaxs, deya atashga haqli emaslar, bizningcha", deyiladi munosabatda.
Elatib o`tamiz, bundan avval ham ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati hokimi To`ra Bobolovning Angor tumani prokurori bilan bo`lib o`tgan muloqoti, deya aytilayotgan audiosuhbat turli muhokamalarga sabab bo`lgandi.






