AsosiyJamiyat

Toshkentda talabalar o`rtasida "kvartira" muammosi avj oldi. Rektor Sherzod Qudratxo`ja poytaxt aholisiga iltimos bilan chiqdi

'Toshkentda talabalar o`rtasida "kvartira" muammosi avj oldi. Rektor Sherzod Qudratxo`ja poytaxt aholisiga iltimos bilan chiqdi'ning rasmi

O`zbekistondagi oliy ta`lim dargohlarida 5 sentyabr kunidan yangi o`quv yili boshlandi. Ayni paytda qator markaziy shaharlarda, xususan Toshkentda talabalarni yotoq joy bilan ta`minlash masalasi kun tartibiga chiqmoqda.  OTMlar yotoqxonalarida joy etishmasligi, "uy bozorlar"ida narxlarning keskin oshib ketgani, ko`plab talabalarning o`qishlar boshlanishiga qaramay, hamon yashash joyiga ega bo`lmagani kuzatilmoqda. Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida talabalar o`rtasida turar joy uchun "kurash" bo`layotgani aks etgan video tarqaldi.

Holat bo`yicha ma`lumot taqdim etgan Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi matbuot kotibiga ko`ra, mazkur masala o`sha vaqtning o`zida echim topgan. Biroq, boshqa OTMlar talabarida ham vaziyat yaxshi emas. O`zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti rektori Sherzod Qudratxo`ja ushbu masala yuzasidan poytaxt aholisiga murojaat bilan chiqdi.   

"Aziz vatandondoshlar, aziz Toshkent ahli! Yil sayin OTM ko`paymoqda, kvotalar oshmoqda, talabalar turar joylari tabiyiki qurilishi bunga ulgurmayapti. Ilgari 77 OTM bo`lgan bo`lsa, so`ngi 6 yilda 177 bo`ldi, talabalar 231000 dan qariyib 800000 bo`ldi. Talabalarimizga uy-joy etishmayapti, bor talabalar turar joyi deyarli to`ldi. Mabodo Sizda, qarindoshingiz, tanishingiz xovlisida, xonadonida joy bo`lsa ijaraga bering, savob bo`ladi ilmi tolibga bersangiz.

Soliq to`lamaysiz, uyingizga baraka kiradi! Millat jipslashadi, qadriyatlar tiklanadi! Millat ahil bo`lsa bolasi ko`chada qolmaydi! Yigitlar bobolarga, qizlar buvijonlarga dastyor bo`ladi. Tilni bilganlar bolalarizga muallim bo`ladi. Biz Yunusobod tumani, Markaz 5 joylashganmiz…shu erga yozing!

Rektorga va Universitetga jiddiy yordam bergan bo`lasiz, oldindan rahmat!" - deya yozib qoldirdi rektor. 

Shuningdek, jurnalist Abror Zohidov ham keng jamoatchilikka iltimos bilan chiqdi.

"Do`stlar, hamma oliy o`quv yurtlari yonida viloyatlardan yuklari bilan kelib, qayoqqa borishni bilmay turgan ota-onalar va talabalar bor. 1-2 nafardan bo`lsa ham uyimizga olib ketaylik. Bir kun ming kun emas, joy topib olgunlaricha qo`llab turaylik. Katta shaharning haybati ularning ruhiyatiga shafqatsiz ta`sir qilmasin!"- deydi Zohidov

Eslatib o`tamiz, Oliy va o`rta  maxsus ta`lim vazirligi huzuridagi Talaba va o`quvchilarning ma`naviy yuksalishiga ko`maklashish markazi xodimlari "uy bozori"da bo`lib, 50 nafar talabani yashash joy bilan ta`minlashga ko`maklashdi.

Boshqa yangiliklar