Mustaqil Komissiya a`zolari Xorazm viloyatining Urganch shahridagi 11-sonli Tergov hibsxonasiga tashrif buyurib, u erda saqlanayotgan shaxslarning yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish hamda advokatlar va yaqin qarindoshlari bilan qisqa muddatli uchrashuv xonalardagi sharoitlar o`rganishdi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati ma`lum qilmoqda.
Xususan, Qoraqalpog`istonda bo`lib o`tgan holatlar va voqealarda jinoyat sodir etganligi uchun hibsga olingan Dauletmurat Tajimuratov bilan ham uchrashilgan. Uchrashuv davomida D.Tajimuratov advokat bilan ta`minlanganini va advokatining u bilan uchrashishida hech qanday qarshiliklar yo`qligini, oila a`zolari bilan ham qisqa muddatli uchrashuv o`tkazilganligini hamda posilka va yo`qlovlar olayotganini ma`lum qilgan.
D.Tajimuratovning so`zlariga ko`ra, unga nisbatan tergov harakatlari davomida va tergov hibsxonasida hech qanday qiynoq, bosim yoki tazyiqlar bo`lmagan. Ovqatlarning sifati va hibsxonadagi boshqa sharoitlarga hech qanday e`tirozi yo`qligini bildirgan.
Komissiya a`zolari tashrif davomida gumon qilinuvchilarning Tergov hibsxonasida saqlanayotgan paytida va tergov jarayonlarida hech qanday huquqlari buzilmagani hamda ruhiy va jismoniy qiynoq holatlariga yo`l qo`yilmaganiga guvoh bo`lishgan.
Eslatib o`tamiz, 2022 yil 1 iyul kuni "El xzmetinde” gazetasi muharriri va bloger Dauletmurat Tajimuratov "Telegram” ijtimoiy tarmog`ining "Makan.uz” kanali orqali qilgan videomurojaatida fuqarolarni joriy yilning 5 iyul kuni soat 17-00 da "Qoraqalpog`iston Respublikasining ozodligini so`rab” Jo`qorg`i Kenges binosi oldida miting o`tkazishga da`vat qilgan.
Shundan keyin ijtimoiy tarmoqlar orqali qonunga xilof ravishda miting uyushtirishga fuqarolarni da`vat qilganligi uchun 2022 yil 1 iyul kuni soat 15-30 larda D.Tajimuratov Nukus shahar IIO FMBga olib kelingan va ushlangan.
Bloger D.Tajimuratovning IIB xodimlari tomonidan ushlaganligini bilgan bir guruh shaxslar tartibsizliklar uyushtirib, uni ozod qilishni talab qilib Nukus shahridagi IIVga qarashli 2-sonli tergov hibsxonasiga va Nukus shahar IIO FMBga borishgan va keyinchalik 2022 yil 1 iyul kuni soat 17-30 larda Nukus shahri markazidagi "Markaziy dehqon bozori” MChJ oldidagi avtomobil yo`lida tartibsizliklar uyushtirishgan.
Shundan keyin D.Tajimuratov Nukus shahar IIO va FMBdan ozod qilinib, chiqarib yuborilgan bo`lsa-da, D.Tajimuratov va uning tarafdorlari tartibsizliklarni yana davom ettirib, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlariga faol qarshilik ko`rsatib, O`zbekiston Respublikasining amaldagi davlat tuzumini Konstitusiyaga xilof tarzda o`zgartirishga va hokimiyatni bosib olishga ochiqdan -ochiq da`vat qilishgan.






