Prezident raisligida o`tkazilayotgan videoselektor yig`ilishida asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining mavsumiy o`zgarishi yuqoriligi ko`rsatib o`tildi. Sababi - qishloq xo`jaligiga ixtisoslashgan 50 ta tumanda muzlatkich, quritish, saralash va saqlash quvvatlari etishmaydi.
Shu munosabat bilan viloyat hokimlariga Qishloq xo`jaligi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda 50 ta tumanda saqlash quvvatlarini keskin oshirish bo`yicha alohida dastur qabul qilish topshirildi.
“Buning mablag`lari bor. Lekin, birorta hokim o`zida qancha mahsulot saqlash quvvati borligini ham, bor mablag`larni ishlatishni ham bilmaydi”, dedi Prezident.
Joriy yilda meva-sabzavotga ajratilgan 1,5 trillion so`m kredit resurslarining 670 milliard so`mi o`zlashtirilgani ham qayd etildi.
Hokimlar o`zlarining takliflarida faqat amalga oshiriladigan yangi loyihalar, ular hisobiga olinadigan mahsulot hajmini ko`rsatayotgani, bu aholining ta`minotiga qanday ta`sir qiladi, yil yakunigacha narx-navo nima bo`ladi, degan savollarga javob yo`qligi tanqid qilindi.
Viloyat hokimlariga o`n kun muddatda import bo`layotgan mahsulotlarni ishlab chiqarishni o`zimizda ko`paytirish bo`yicha aniq tadbirkor va aniq loyihalarni ko`rsatib, har bir mahsulot kesimida hozir qancha va bir yil ichida qanchaga ko`paytirishi bo`yicha aniq reja va hisob-kitoblarni taqdim etish topshirildi.






