Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati ta`lim muassasalari ovqatlanish oshxonalari xodimlari tomonidan shaxsiy gigiena qoidalariga rioya etish, profilaktik tibbiy ko`rikdan o`tish va kasbiy gigienik tayyorgarlikka qo`yiladigan talablar haqida ma`lumot berdi.
Unga ko`ra,
Ta`lim muassasalarida o`quvchilar o`rtasida yuqumli kasalliklarning kelib chiqishi va tarqalishining oldini olish maqsadida xodimlar tomonidan shaxsiy gigiena qoidalariga rioya qilinishi uchun oshxonada sharoitlar yaratilishi kerak.
Qo`l yuvish uchun barcha ishlab chiqarish sexlarida issiq va sovuq suvlar o`tkazilishi, ularni aralashtirish moslamasi bo`lgan chanoqlari o`rnatilishi zarur.
Alohida sovun va shaxsiy yoki bir martalik sochiqlarni qo`yadigan joy bo`lishi lozim. Ishlab chiqarish vannalarida qo`llarni yuvish mumkin emas.
Ovqatlanish oshxonalarida xodimlar uchun mo`ljallangan maxsus ish kiyimlarini markazlashgan holda yuvishni tashkil qilish kerak.
Shamollash yoki oshqozon-ichak kasalliklari bezovta qilganda, o`z oilasida ichak infeksiyalari bilan xastalanish qayd etilgan barcha holatlarda, shuningdek, yiringli yaralar, kesilishlar, kuyishlar haqida ishchi ma`muriyatni ogohlantirishi kerak va tibbiy yordam uchun murojat qilishi lozim.
Ichak infeksiyalari, terining yiringlashi, yuqori nafas yo`llarining yallig`lanish kasalliklari bo`lsa, biror joyi kuygan yoki kesilgan bo`lsa, vaqtincha ishga qo`yilmaydi. Faqat tuzalganidan so`ng, tibbiy ko`rik va shifokor xulosasiga qarab ishlashiga ruxsat beriladi.
Oshxona birinchi tibbiy yordam ko`rsatish uchun aptechka bilan ta`minlanishi zarur.






