“Fly Dubai” aviakompaniyasiga Dubay-Namangan-Dubay yo`nalishida muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma berildi. Bu haqda Namangan shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, O`zbekiston Hukumati va Birlashgan Arab Amirliklari Hukumati o`rtasida havo qatnovi to`g`risidagi Bitim asosida 2022 yil 30 avgustda “O`zaviasiya” agentligi tomonidan “Fly Dubai” aviakompaniyasining 2019 yil 11 yanvardagi 92-sonli O`zbekiston Respublikasiga muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirish huquqini beruvchi Ekspluatasion ruxsatnomasiga yangi
Dubay-Namangan-Dubay yo`nalishi kiritildi.
Bu aviakompaniya tomonidan muntazam parvozlarni amalga oshirish uchun ruxsat olgan O`zbekiston Respublikasidagi uchinchi aeroporti hisoblanadi. Hozirgi kunda aviakompaniya Toshkent va Samarqand aeroportlariga aviaqatnovlarni amalga oshirmoqda.
“Fly Dubai” aviakompaniyasi O`zbekiston Respublikasiga muntazam aviaqatnovlarni Boeing 737 havo kemalarida amalga oshiradi.






