Samarqand viloyati Madaniy meros boshqarmasi tomonidan o`rganish ishlari davomida Jomboy tumanida joylashgan «Nomsiztepa» arxeologik yodgorligiga zarar etkazish holati aniqlandi. Bu haqda Madaniy meros agentligi axborot xizmati ma`lum qilmoqda.
Ushbu yodgorlik – Vazirlar Mahkamasining «Moddiy madaniy merosning ko`chmas mulk ob`ektlari milliy ro`yxatini tasdiqlash to`g`risida»gi qarori bilan davlat himoyasiga olingan. O`rganish natijasida arxeologik yodgorlikning g`arbiy tomonidan uzunligi 120 metr eniga 1,5 metr va balandligi 1 metr umumiy hajmi 180 metr kub tuproq tekislanib olingani aniqlandi.
Hududiy boshqarma tomonidan tuproq qazib olish jarayoni to`xtatildi va javobgarlarga nisbatan ogohlantirish berildi. Arxeologiya ob`ektiga etkazilgan zarar miqdori 4,3 milliard so`m etib belgilandi. Ushbu holatga huquqiy baho berish uchun hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etildi.
Ko`rilgan chora yuzasidan qo`shimcha ma`lumot beriladi, deyiladi agentlik xabarida.






