Bugun, 1 sentyabr kuni soat 16:26 da Toshkent shahar Yakkasaroy tumani Qo`shbegi daxasida joylashgan Yakkasaroy texnopark hududidagi ishlab chiqarish sexining tom va ichki qismida taxminan 1000 kv.m. maydonida yong`in sodir bo`lgan.
FVV matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, yong`in-qutqaruv ekipajlari soat 16:31da hodisa joyiga etib borib, yong`in soat 17:29 da qurshab olingan va soat 18:07 da bartaraf etilgan.
Voqea joyiga O`zbekiston Respublikasi FVV rahbariyati, Toshkent shahar FVB va tuman FV bo`limi rahbar xodimlari etib borgan.
Yong`inni bartaraf etishga 11 ta yong`in-qutqaruv ekipaji, 2 ta maxsus suv tashishga mo`ljallangan (vodovoz) avtomobil, 1 ta qutqaruv otryadi ekipaji jalb etilgan.
Yong`in oqibatida fuqarolarni tan jarohati olish va halok bo`lish xolatlari to`g`risida xabar kelib tushmagan.
Hozirda yong`inning kelib chiqish sababi va keltirilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.






