Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!
Muhtaram mehmonlar!
Xonimlar va janoblar!
Avvalo, mana shu muazzam “Yangi O`zbekiston” bog`ida turib, siz, azizlarni, butun xalqimizni ulug` ayyom – Mustaqillik kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Barchangizga o`zimning yuksak hurmat va ehtiromimni, eng ezgu va olijanob tilaklarimni izhor etaman.
Hurmatli do`stlar!
Bundan o`ttiz bir yil muqaddam jahon xaritasida “O`zbekiston Respublikasi” degan yangi, mustaqil davlat paydo bo`ldi.
Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Abdug`anievich Karimov boshchiligida mamlakatimizning milliy mustaqilligini dunyoga e`lon qildik.
Oradan yillar, asrlar o`tadi. Lekin milliy davlatchiligimizni, o`zligimiz va insoniy haq-huquqlarimizni tiklab bergan, barcha yutuq va marralarimizning zamini bo`lgan Mustaqillik kuni biz uchun, kelgusi avlodlarimiz uchun doimo eng ulug`, eng aziz bayram bo`lib qoladi.
Qadrli yurtdoshlar!
Oxirgi olti yil davomida biz Vatanimiz taraqqiyotining yangi bosqichida keng qamrovli islohotlarimizni boshlab, izchil davom ettirmoqdamiz.
O`tgan davrda “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil faoliyatimiz dasturiga aylandi.
Vazir va hokimlar, deputat va senatorlar, rahbar va mutasaddilar, umuman, barcha-barchamiz, buyuk shoirimiz Cho`lpon aytganidek, xalq ichiga kirib, xalqdan kuch olib, yangi yondashuv asosida xalqimizga xizmat qilmoqdamiz.
Bir haqiqatni ishonch bilan aytishga barcha asoslarimiz bor: bugungi O`zbekiston – bu kechagi O`zbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas.
Mamlakatimiz pandemiya va global inqirozning salbiy ta`sirlariga qaramasdan, erkin, obod va farovon hayot qurish yo`lidan dadil olg`a bormoqda.
Hammamiz yaxshi tushunamizki, bugun biz intilayotgan Yangi O`zbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish oson emas. Bunday ulug` vazifaning sharti va mezonlari ko`p. Ammo eng muhim va hal qiluvchi omil – bu demokratik islohotlar yo`lidir.
Shu bois xalqimiz manfaatiga to`la javob beradigan bu yo`ldan hech qachon ortga qaytmaymiz. Qanchalik qiyin bo`lmasin, faqat oldinga qarab boramiz.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Biz uchun inson, uning qadr-qimmati qanchalik aziz bo`lsa, uning xotirasi ham shunchalik muqaddasdir.
Shu sababli Vatan ozodligi yo`lida qurbon bo`lgan ota-bobolarimizning nomlarini oqlash, ularning faoliyati, ilmiy va ijodiy merosini o`rganish, xotirasini e`zozlashga yanada muhim ahamiyat qaratmoqdamiz.
Milliy qadriyatlarimizda alohida o`rin tutadigan avlodlar o`rtasidagi an`analar davomiyligini saqlash, urush va mehnat faxriylarining, muhtaram otaxon va onaxonlarimizning hayotini yanada mazmunli qilish nafaqat vazifamiz, avvalo, insoniy burchimizga aylanmoqda.
Shuningdek, biz Yangi O`zbekistonni barpo etishda azmu shijoatli yoshlarimizni xalqimizning chinakam tayanchi va suyanchi, deb bilamiz.
Farzandlarimiz nufuzli xalqaro musobaqa va festivallar, fan olimpiadalari va tanlovlarda g`olib bo`lib, O`zbekiston bayrog`ini baland ko`tarib kelmoqdalar.
Yaqinda Hindistonda bo`lib o`tgan jahon shaxmat olimpiadasida terma jamoamiz tarixda birinchi marta “Olimpiya chempioni” degan yuksak sharafga sazovor bo`lgani hammamizga cheksiz g`urur bag`ishlaydi.
Ushbu ulug` ayyomda mana shunday aqlli, irodasi mustahkam, mard va jasur o`g`il-qizlarimizni, ularning ota-onalari, ustoz-murabbiylarini o`z nomimdan, xalqimiz nomidan yana bir bor qutlab, ularga yangi zafar va omadlar tilayman.
Ayni vaqtda mamlakatimiz yoshlari Turkiyada o`tkazilgan Islom birdamlik o`yinlarida, harbiy xizmatchilarimiz esa, xalqaro armiya musobaqalarida munosib ishtirok etib, faxrli o`rinlarni egallaganlari tahsinga sazovordir.
Aziz yurtdoshlar!
Mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi va obro`-e`tibori tobora yuksalmoqda. Biz barcha hamkor davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan do`stona va teng huquqli tashqi siyosat yuritishni davom ettiramiz.
Shu bilan birga, muammoli hududlarga toza ichimlik suvini etkazish va sifatini yaxshilash bo`yicha alohida dasturlarni amalga oshiramiz.
Muhtaram do`stlar!
Albatta, bunday keng ko`lamli vazifalarni amalga oshirishda oldimizda turli qiyinchilik va muammolar paydo bo`lishi tabiiy hol. Lekin o`z tarixida qancha-qancha sinov va mashaqqatlarni boshidan kechirgan mard va matonatli xalqimiz har qanday qiyinchilikni engib o`tishga qodir. Men bunga qat`iy ishonaman.
Asosiy muallifi va ijodkori xalqimiz bo`lgan – yangilanayotgan Konstitusiyamiz bu yo`lda mustahkam huquqiy asos bo`lib xizmat qiladi.
Asosiy qonunimizni shoshilmasdan, chuqur o`ylab, xalqimiz bilan maslahat qilib, faqat umumxalq referendumi asosida qabul qilamiz.
Ishonchim komil, Yangi Konstitusiyamiz chinakam xalq Qomusi, chinakam xalq Konstitusiyasi bo`ladi.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Jahondagi bugungi murakkab vaziyat bizdan ishning ko`zini bilib, kechayu kunduz fidoyi bo`lib, samarali mehnat qilishni talab etmoqda.
Shu bois Qurolli Kuchlarimizning qudrati va salohiyatini yuksaltirish ham ustuvor vazifamiz bo`lib qoladi.
Askar va ofiserlarimizning jangovar tayyorgarligi, harbiy mahorati, vatanparvarlik fazilatlarini oshirishga yanada ko`proq ahamiyat beramiz.
Mana shu qutlug` kunda Vatan himoyasida doimo sergak va hushyor turgan mard va jasur o`g`lonlarimizni chin dildan qutlab, ularga kuch-g`ayrat va omadlar tilaymiz.
Aziz va muhtaram vatandoshlarim!
Bugun biz o`z oldimizga ulug`vor va yuksak maqsadlarni qo`ymoqdamiz.
Ana shunday ulkan marralarga etish yo`lida ko`p millatli el-yurtimiz yanada birlashib, yagona ahil oila, yagona xalq bo`lib, astoydil harakat qilmoqda.
Bu – biz erishayotgan barcha yutuqlarimizning mustahkam garovi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo`lamiz.
Fursatdan foydalanib, islohotlarimizni faol qo`llab-quvvatlab, ularni amalga oshirishda doimo fidoyilik ko`rsatib kelayotgan mehnatkash, olijanob va bag`rikeng xalqimizga chin dildan ta`zim qilaman.
Siz, aziz yurtdoshlarimni O`zbekiston mustaqilligining o`ttiz bir yillik bayrami bilan yana bir bor qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, oilalaringizga baxtu saodat, fayzu baraka tilayman.
Ezgu orzu-niyatlarimiz amalga oshsin!
Yaratganning o`zi barchamizni panohida asrasin!
Yurtimiz tinch, xalqimiz omon, Mustaqilligimiz abadiy bo`lsin!






