Davlatimiz rahbari bugun mustaqillikning 31 yilligiga bag`ishlab o`tkazilayotgan tadbirda Yangi O`zbekiston taraqqiyot strategiyasi jadal amalga oshirayotganini ta`kidladi.
"Yangi O`zbekiston:
– har bir fuqaroning hayotini yanada yaxshilash maqsadida davlat xizmatlaridan foydalanish uchun keng imkoniyatlar beradigan;
– odamlar o`z muammolari haqida ochiq gapirishi va ularning echimi uchun birgalikda harakat qilishlariga barcha sharoitlar mavjud bo`lgan;
– hamma uchun adolatni so`zsiz ta`minlash imkoniyatini beradigan hamda fuqarolari ijtimoiy mavqeidan qat`i nazar, qonun oldida teng bo`lgan;
– tadbirkorlikning rivojlanishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan davlatdir.
Bir so`z bilan aytganda, Yangi O`zbekiston deganda, har bir fuqarosi uchun g`amxo`rlik qiladigan, ochiq va adolatli jamiyat ham tushuniladi”, - deydi Prezident.
Prezident ushbu yuksak marralarga erishish uchun 2026 yilgacha Taraqqiyot strategiyasi doirasida 5 ta asosiy vazifani belgilab berdi.
Birinchi - ta`lim sohasida farzandlarimiz zamonaviy bilim va ko`nikmalarni puxta egallashlari uchun eng qulay sharoitlar yaratish izchil davom ettiriladi. Buning uchun maktablarning o`quv dasturlari, o`qitish uslubi, darsliklar mazmuni tubdan qayta ko`rib chiqiladi.
Ikkinchi - har qanday bahsli masalaga adolatli echim faqat odil sud tomonidan topilishi kerak. Sudyalar ishiga har qanday aralashuv keskin jazolanadi, ularning xavotirsiz ishlashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi.
Uchinchi - biznesni rivojlantirish orqali qo`shimcha ish o`rinlari yaratiladi, kambag`allik qisqaradi, aholi daromadlari ko`payadi. Buning uchun xususiy mulk va tadbirkorlikka xalaqit berayotgan barcha to`siqlar bartaraf etiladi. Davlat boshqaruvi isloh qilinib, iqtisodiyotda davlat ishtiroki keskin kamaytiriladi.
To`rtinchi - sog`liqni saqlash tizimida aholiga yanada sifatli va malakali tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyati kengaytiriladi. Barcha hududlarda shoshilinch tibbiy yordam qamrovi oshirilib, odamlarga yanada yaqinlashtiriladi.
Beshinchi - aholini toza ichimlik suvi bilan ta`minlash masalasi doimo diqqat markazida bo`ladi. Sohaga jalb qilinayotgan investisiyalar hajmi keskin ko`paytiriladi.






