Joriy yilning oktyabr oyida Qo`qonga Turkiy davlatlar tashkilotiga a`zo mamlakatlardan taniqli fotograflar tashrif buyuradi. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Ma`lum qilinishicha, maqsad “Qo`qon turkiy suratkashlar obektivida” rukni ostida ko`rgazma va yosh fotograflar uchun mahorat darslari tashkil etishdir.
Tadbir O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 29 iyuldagi “Turkiy davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PQ-338-sonli qarori ijrosiga ko`ra amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Ta`kidlash kerakki, Qo`qon “Turkiy dunyoning turizm poytaxti” maqomini olganligi munosabati bilan tashkil etilayotgan mazkur tadbirda O`zbekiston, Ozarbayjon, Qozog`iston, Qirg`iziston, Turkiya, O`zbekiston va kuzatuvchi davlatlardan (Vengriya, Turkmaniston) ikki nafardan taniqli ijodkorlar qatnashadi.
Ma`lumot uchun, mahalliy va xorijlik fotograflar yurtimizning diqqatga sazovor joylarini suratga olishadi hamda ularning eng sara ijod namunalari ko`rgazmadan joy oladi.
Eslatib o`tamiz, avvalroq Samarqandga ShHT sammiti doirasida ShHTga a`zo mamlakatlar fotograflari tashrif buyurgan edi.






