AsosiyJamiyat

Toshkent xalqaro aeroportida 400 avtomobilga mo`ljallangan yana bir avtoturargoh qurilmoqda

'Toshkent xalqaro aeroportida 400 avtomobilga mo`ljallangan yana bir avtoturargoh qurilmoqda'ning rasmi

Kompaniya Matbuot xizmatining xabar berishicha, bugungi kunga qadar “Uzbekistan Airports”  balansiga Toshkent aeroportining xalqaro aviaqatnovlar terminali atrofidagi oltita avtoturargoh topshirilgan. Yaqin vaqt ichida o`rtacha 400 avtomobilga mo`ljallangan yana bir avtoturargohning topshirilishi kutilmoqda.

 "Avtoturargohlarni rekonstruksiya qilish va kattalashtirish natijasida avtomobil turar joylarining umumiy soni ikki barobar ortadi", – deyiladi xabarda.

Ayni kunlarda aeroport yaqinidagi mavjud avtoturargohlarni rekonstruksiya qilish va yangilarini qurish bo`yicha ishlar olib borilmoqda. 

Ta`kidlanishicha, uchib ketish zali oldidagi avtoturargohda avtomobil turar joylari soni 214 tadan 333 taga oshiriladi. Hudud soyabon va savdo nuqtalarini olib tashlash, shuningdek, avtobus va taksilar uchun kirish yo`laklarini qayta qurish hisobiga kengaytiriladi. 

Shuningdek, uchib kelish zali oldida 175 o`rinli yangi avtoturargoh yaratilib, 122 o`rinli mavjud avtoturargoh rekonstruksiya qilindi. Umuman olganda, aeroport atrofidagi hududning yangi loyihasiga asosan avtomobil turar joylari soni 187 foizga — 336 tadan 630 tagacha ko`paytirildi.

Qayd etilishicha, uchish va kelish zallari orasidagi avtoturargoh ham rekonstruksiya qilinmoqda va u mehmonxonaga/mehmonxonadan tashishni amalga oshiruvchi turistik avtobuslar va mikroavtobuslar uchun mo`ljallangan. Chekka hududdagi ikkita avtoturargoh ham kelgusida rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilmoqda. Yashil hududdagi katta avtoturargoh hozirda “Uzbekistan Airports” balansiga o`tkazilmoqda.

“Aeroport oldi hududining yangi loyihasi hududni optimallashtirish hisobiga avtoturargohlar sonini ko`paytirish, shuningdek, barcha transport turlari — avtobuslar, shaxsiy avtomobillar va taksilar uchun alohida yo`laklar qurish imkonini beradi. Loyihaga ko`ra, odamlar ko`chada turmasligi lozim, avtoturargoh — faqat avtomobillar uchun. Yo`lovchilar kuzatuvchi va kutib oluvchilar uchun esa terminalning o`zida sharoitlar yaratilmoqda. Tez orada uchish zalining uchinchi qavatida umumiy ovqatlanish va chakana savdo shoxobchalari ishga tushadi. Uchib kelish zali oldida kutib oluvchilar uchun qishda issiq, yozda salqin bo`ladigan yopiq inshootlar, shuningdek, o`rindiqlar va savdo nuqtalari qurilishi rejalashtirilgan. Shuni qo`shimcha qilish lozimki, ekologik tashabbuslarni qo`llab-quvvatlash maqsadida hududda yuzdan ortiq daraxtlar ekiladi”, — deyiladi “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabarida.

 

 Aeeovokzal atrofidagi ishlarni joriy haftada yakunlash rejalashtirilmoqda.

    Boshqa yangiliklar