AsosiyJamiyat

​​Super-kontrakt narxini qanday hisoblash kerak?

'​​Super-kontrakt narxini qanday hisoblash kerak?'ning rasmi

Bu haqda huquqshunos-bloger Xushnudbek Xudoyberdiev o`zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida quyidagilarni yozib qoldirdi:

Super-kontrakt narxi qancha bo`lishini istalgan inson o`zi mustaqil hisoblab olishi mumkin, buning uchun etarli barcha ma`lumotlar e`lon qilingan. Faqat ozgina hafsala kerak xolos.

Eng avvalo, bir narsani yodda tuting, super-kontraktning eng aniq miqdorini faqat va faqat o`zingiz hujjat topshirgan oliy ta`lim muassasasi orqali bilishingiz mumkin.

Endi minimum miqdorlar haqida:

1-eslatma: super-kontrakt degan tizim kunduzgi, sirtqi, kechki ta`limda ham bor;

2-eslatma: imtiyoz olgan, lekin kira olmagan abiturientlar uchun umumiy kirish baliga qarab super-kontrakt narxi belgilanadi, imtiyozlilarning o`tish baliga qarab emas.

Super-kontrakt narxi kunduzgi ta`lim shaklida stipendiyasiz to`lov-kontrakt miqdoridan hisoblanadi (sirtqi va kechkida shundoq ham stipendiya yo`q). Demak, quyida ilova qilingan jadvalda ko`rsatilgan kontrakt summasini super-kontrakt barobariga ko`paytirishingiz kerak.

Shuningdek, 3 ta toifadan qaysi biriga taalluqli ekanligingizni ham aniqlab olishingiz kerak.

1-toifa: kirish chizig`iga 4 ballgacha etmay qolgan abiturientlar

Bunda quyidagi shkala amal qiladi:

1 ballgacha etmagan abiturientlar uchun – bazaviy to`lov-kontrakt miqdorining 1,5 barobari;

1,1 balldan 2 ballgacha2,0 barobari;

2,1 balldan 3 ballgacha 2,5 barobari;

3,1 balldan 4 ballgacha3,0 barobari.

Masalan, matematika yo`nalishida 1,5 ball etmay qoldi deylik. Bunday vaziyatda o`sha abiturient 2 barobar to`laydi. Jadvalga qarasak, matematika yo`nalishida kontrakt narxi 6.412.610 so`m. Demak, matematika yo`nalishiga 1,5 ball etmay qolgan abiturient 12 mln 825 ming so`m super-kontrakt to`laydi (2 x 6.412.610).

2-toifa: kirish chizig`iga 4 balldan ortiq etmay qolgan va o`zi 56,7 dan ko`p ball to`plaganlar

Bunday abiturientlar super-kontrakt uchun yo`nalishiga qarab pastdagi jadvalda ko`rsatilgan oddiy kontraktning minimum 8, 10, 12, 15, 17 yoki 25 barobarini to`laydi.

Qaysi yo`nalishga necha barobar to`lanishi mana bu faylda keltirilgan:
https://t.me/xushnudbek/11522

Masalan, iqtisod yo`nalishiga kirish bali 150 ball bo`ldi deylik. Abiturient 70 ball to`pladi. Demak, unga 4 balldan ortiq etmay qolgan, o`zi ham 56,7 balldan ko`proq to`plagan. Iqtisod yo`nalishiga minimum super-kontrakt 10 barobar etib belgilangan. Stipendiyasiz oddiy kontrakt narxi esa 9.129.930 so`m.

Xulosa: iqtisod yo`nalishi uchun super-kontrakt miqdori minimum 91 mln 299 ming so`m (10 x 9.129.930).

BU MUHIM: o`tish baliga 4 balldan ko`proq etmay qolgan va 56,7 balldan ko`p to`plaganlarning hammasiga bir xil narx bo`ladi. Ya`ni 5 ball etmagan ham, 50 ball etmagan ham bir xil to`laydi. O`shanchun menga 10 ball etmadi, menga 30 ball etmadi, qancha bo`ladi, deb so`rashdan foyda yo`q.

3-toifa: 56,7 balldan kam to`plaganlar

Bunday abiturientlar super-muper kontraktda o`qishi mumkin, faqat kamida 2-toifadagilar to`laydigan summaning 2 barobarini to`lashadi. Masalan, abiturient iqtisod yo`nalishiga topshirib, 40 ball to`plagan, ya`ni 56,7 balldan kam. Demak, u kamida 182 mln 598 ming so`m to`lashi kerak (2 x 91.299.300).

‼️Ayrimlar so`ramoqda. Masalan, abiturient 54 ball oldi. Kirish bali esa 57 ball bo`ldi. Shunda 3 ball etmagan bo`lsa, super kontrakni kamroq to`laydimi? Yo`q va aslo yo`q! 56,7 balldan kam to`plandimi, tamom, bunaqada ikki karra ko`proq super-kontrakt to`lanadi. Kirish baliga qancha etmagani ahamiyatsiz.

Xullas, Siz to`plagan balingiz asosida kamida taxminan qancha super-kontrakt to`lashingizni bemalol o`zingiz hisoblab ko`rishingiz mumkin.

    Boshqa yangiliklar