Muqaddam 4 marta sudlangan ayol, qilmishlaridan xulosa chiqarmagan namanganlik ayol yana bir jinoyatga qo`l urdi. "Bu kun" informasion dasturida xabar berilishicha, u bir necha fuqaroning ishonchiga kirib, ziyoratga yuborishiga ishontiradi. Bundan jabr ko`rganlar ichki ishlar organlariga murojaat etishadi.
Keltirilishicha, shaharning Davlatobod tumanida yashovchi ayol 26 iyun kuni Namagan tumanida yashovchi fuqaro va uning turmush o`rtog`iga o`zini Farg`ona shahridagi ko`ptarmoqli xususiy korxonada ish boshqaruvchi bo`lib ishlashini, qonuniy tartibda Haj safari uchun Saudiya Arabistoniga yuborishini va safar uchun beriladigan pul mablag`lari evaziga barcha sharoit hamda imtiyozlar yaratilishini aytgan.
Ulardan jami 13 ming dollariga teng teng bo`lgan 140 million 907 ming so`m pulni olib, Haj vizasini olib bermasdan firibgarlik qilgan.
Ayol, shuningdek, shu tumanda yashovchi yana bir oiladan 14 ming dollar, boshqa bir oiladan 20 ming dollar, tumanning Xonobod mahallasida yashovchi fuqaro va uning turmush o`rtog`idan 15 731 dollar, boshqa bir fuqarodan jami 7 ming dollar, yana boshqa fuqarodan esa 7400 ming dollar miqdoridagi pullarni olib, o`zining ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.
Hozirda ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, qamoqqa olish ehtiyoj chorasi qo`llanilgan. Holat yuzasidan tergov harakatlari davom etayotgani aytilmoqda.






