2022 yil 1 sentyabrdan avtotransportni boshqarish uchun ishonchnomalar my.gov.uz portali orqali elektron tarzda rasmiylashtiriladi. 6 oygacha muddatga beriladigan elektron ishonchnomalar uchun davlat boji keskin kamayadi. Yuridik shaxslar haydovchilarining har 2 yilda majburiy malaka oshirishi tartibi bekor qilindi.
Avtomobil boshqarishda qo`shimcha qulayliklar yaratishga oid prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko`ra, 2022 yil 1 sentyabrdan avtotransportni boshqarish uchun ishonchnomalarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali (my.gov.uz) elektron rasmiylashtirish yo`lga qo`yiladi.
Elektron ishonchnomani notarial tasdiqlash talab etilmaydi va u YPX xodimlari tomonidan elektron tekshiriladi.
Elektron ishonchnoma uchun davlat boji ishonchnomani notarial tasdiqlash uchun belgilangan davlat boji (BHMning 3 baravari – 900 ming so`m)ga nisbatan quyidagi foizlarda undiriladi:
- bir oygacha bo`lgan muddatga – 10 foiz (90 ming so`m);
- olti oygacha bo`lgan muddatga – 50 foiz (450 ming so`m);
- uch yilgacha bo`lgan muddatga – 100 foiz (900 ming so`m).
Yuridik shaxslar haydovchilarining 2 yilda 1 marta majburiy malakasini oshirish talabi bekor qilindi.
Bundan tashqari, 2022 yil 1 sentyabrdan fuqarolar va yo`lovchi tashish lisenziyasiga ega yuridik shaxslar o`rtasidagi transport ijarasi shartnomalarini notarial tasdiqlash talab qilinmaydi. Bunda mazkur shartnomalar soliq organlarida elektron hisobga olinadi.
Avvalroq xabar qilinganidek, mazkur qaror bilan 1 sentyabrdan boshlab taksichilar o`zini o`zi band qilgan shaxslar toifasiga kiritildi.






