O`zbekiston tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov boshchiligidagi delegasiyaning Ashxobodga tashrifi doirasida Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o`rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovga O`zbekiston Respublikasi va Turkmaniston o`rtasidagi ko`p asrlik do`stlik va yaxshi qo`shnichilik rishtalarini, strategik sherikchilik va ko`p qirrali hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlashga qo`shgan ulkan shaxsiy hissasi “Do`stlik” ordenini topshirishga bag`ishlangan tantanali marosim bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, O`zbekiston Prezidentining tegishli Farmonini tashqi ishlar vaziri v.b. V.Norov o`qib eshittirdi.
R.Meredov O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevga uning faoliyatiga berilgan yuksak baho va “Do`stlik” ordeni bilan taqdirlangani uchun minnatdorlik bildirdi.
Turkmaniston tashqi ishlar vaziri bundan buyon ham ikki qardosh davlat o`rtasidagi ko`p qirrali va strategik sheriklikni rivojlantirish uchun barcha sa`y-harakatlarni amalga oshirish niyatida ekanini ta`kidladi.






