Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo`yicha vakil (biznes-ombudsman) tomonidan Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi va uning quyi tizimlarida o`tkazilgan o`rganishlarda 1044 ta holatda tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlarining buzilishiga yo`l qo`yilgani aniqlandi.
Qayd etilishicha, 815 ta holatda tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatida tekshirish o`tkazish bilan bog`liq qonunchilik talablari buzilgan. Hududlar kesimida:
- Jizzax viloyati (660 ta);
- Sirdaryo viloyati (28 ta);
- Andijon viloyati (27 ta);
- Farg`ona viloyati (20 ta);
- Samarqand viloyati (10 ta);
- Toshkent viloyati (8 ta);
- Buxoro viloyati (7 ta);
- Xorazm viloyati (3 ta);
- Qoraqalpog`iston Respublikasi (52 ta) xodimlari tomonidan bunday kamchiliklarga yo`l qo`yilgan.
Shuningdek, tadbirkorlik sub`ektlarining murojaatlarini ko`rib chiqishda 198 ta holatda huquqbuzarliklarga yo`l qo`yilgan. Bundan tashqari, 31 ta holatda tadbirkorlarga davlat xizmatlari ko`rsatishda qonunchilik talablari va belgilangan muddatlarga amal qilinmagan.
Qayd etilgan kamchiliklarga yo`l qo`ygan 142 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan ma`muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Shu bilan birga, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasiga yo`l qo`yilgan kamchiliklarni bartaraf etish, ularni kelgusida yo`l qo`yilishini oldini olish hamda tadbirkorlikni har tomonlama qo`llab-quvvatlash bo`yicha tegishli choralar ko`rilishi yuzasidan taqdimnoma kiritilgan.






